Mayamida samolyot qulab, yonib ketdi. Qurbonlar bor (video)

Olam

image

AQSHning Florida shtatidagi Mayami xalqaro aeroportida Amazon Prime Air yuk samolyoti qo‘nish vaqtida uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketib, bir nechta transport vositasiga urildi. Hodisa oqibatida kamida 5 kishi halok bo‘ldi, yana 5 kishi jarohatlandi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Hodisa kecha, 6 sentyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 14:00 ga yaqin sodir bo‘lgan. Amazon Prime Air’ning 7598-reysi Puerto-Rikoning San-Xuan shahridan Mayamiga uchib kelgan. Samolyot aeroportning diagonal uchish-qo‘nish yo‘lagiga qo‘nish vaqtida yo‘lakdan chiqib ketib, atrofidagi bir nechta transport vositasiga urilgan.

Mayami-Deyd okrugining yong‘in xizmati boshlig‘i Rey Jadallahning ma’lum qilishicha, jarohatlangan 5 kishidan 3 nafarining ahvoli og‘ir. Shuningdek, samolyot urib yuborgan transport vositalarida kamida 2 kishi, samolyot ichida esa uchuvchi va ikkinchi uchuvchi qolib ketgan. Qutqaruvchilar ularni olib chiqish ishlarini olib borgan. Halok bo‘lganlarning shaxsi esa hozircha rasman oshkor qilinmagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa joyiga 60 dan ortiq qutqaruv guruhi va qariyb 200 nafar xodim jalb qilingan. Qutqaruv ishlari davomida samolyotdan yonilg‘i sizib chiqishi aniqlangan va favqulodda xizmatlar hududda xavfsizlik choralarini kuchaytirgan. Halokatdan so‘ng, Mayami xalqaro aeroportida barcha reyslar vaqtincha to‘xtatilgan. 6 sentyabr kuni kechga borib, aeroportdagi 4 ta uchish-qo‘nish yo‘lagidan ikkitasi qayta foydalanishga topshirilgan.

AQSH Milliy transport xavfsizligi kengashi hodisa sabablarini aniqlash uchun tergov guruhini yuborgan. Tergovga kengash raisi Jennifer Homendi rahbarlik qilmoqda. AQSH Milliy transport xavfsizligi kengashi hodisa yuzasidan dastlabki brifingni bugun, 7 sentyabr kuni Mayamida o‘tkazishini ma’lum qilgan.

Amazon kompaniyasi ham halokat tafsilotlarini aniqlash uchun mahalliy rasmiylar bilan hamkorlik qilayotganini bildirgan. Kompaniya vakiliga ko‘ra, hozirgi vaqtda asosiy e’tibor hodisaga aloqador barcha insonlarning xavfsizligi va ularga yordam ko‘rsatishga qaratilgan. Boeing va 21 Air kompaniyalari ham hukumat tomonidan olib borilayotgan tergovga yordam berishini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Kaliforniya shtatidagi Fresno shahri aeroporti yaqinida kichik samolyotning qulab tushishi oqibatida ikki nafar bola halok bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing