Masjidlarda harbiy harakatlar ehtimoli haqida ogohlantirish berildi
Olam
−
31 yanvar 15489 2 daqiqa
Pokiston chegaralaridagi masjidlarda ehtimoliy harbiy harakatlar haqida ogohlantirishlar berilgach, minglab odamlar mamlakatning shimoli-g‘arbiy hududlarini tark etishga majbur bo‘lgan. Ushbu holat Pokiston va Afg‘oniston chegarasida uzoq vaqtdan beri davom etib kelayotgan keskinliklar fonida yuz bermoqda. Bu haqda bugun, 31 yanvar kuni “Arab news Pokiston” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Afg‘oniston bilan chegaradosh Xayber-Paxtunxva viloyatining Tirah vodiysi aholisi kuchli qor yog‘ishi va qahraton sovuqqa qaramay, ehtimoliy janglardan qochish maqsadida uy-joylarini tark etgan. Mahalliy rasmiylar minglab oilalar hududdan chiqib ketganini va ular yaqin shaharlarda yordam olish uchun ro‘yxatdan o‘tayotganini ma’lum qilgan. Aholi esa majburlikdan uylarini tark etayotganini bildirgan.
“Sovuq tufayli hech kim ketmadi. Yillar davomida qor yog‘ib kelgan, biz u yerda butun umr yashadik. Odamlar masjidlardagi e’lonlar sabab ketdi”, dedi Baraga yo‘l olganlardan biri.
Tirah vodiysi uzoq yillardan buyon xavfsizlik jihatidan nozik hudud hisoblanadi. Mazkur mintaqa Pokiston xavfsizlik kuchlariga hujumlar uyushtirib kelayotgan “Tehrik-e-Tolibon Pokiston” jangari guruhi tayanch nuqtalaridan biri sifatida tilga olinadi.
Shu yilning 27 yanvar kuni Pokiston Mudofaa vaziri Xavaja Muhammad Asif Tirahda harbiy operatsiya rejalashtirilgani yoki olib borilayotganini inkor etib, aholi ko‘chishini qattiq qish sharoitlari bilan bog‘liq odatiy mavsumiy migratsiya, deb atadi. Biroq masaladan xabardor harbiy manbaga ko‘ra, ko‘chirish jarayoni bir necha oy davom etgan maslahatlashuvlardan so‘ng amalga oshirilgan.
Manbaning bildirishicha, qabila oqsoqollari, tuman ma’muriyati va xavfsizlik idoralari ishtirokida olib borilgan muhokamalar chog‘ida Tirahda tinch aholi orasida faoliyat yuritayotgan va aholiga bosim o‘tkazayotgan jangarilar mavjudligi aniqlagan. Shu sababli “maqsadli razvedkaga asoslangan operatsiyalar” davomida tinch aholiga zarar yetkazmaslik uchun vaqtincha hududni tark etish tavsiya qilingan.
Ayni paytda Pokiston armiyasining axborot xizmati, Ichki ishlar vazirligi hamda Xayber-Paxtunxva viloyati hukumati ushbu masala yuzasidan berilgan rasmiy so‘rovlarga javob bermagan.
Shuningdek, hududning tog‘li relefi va og‘ir qish sharoitlari sabab keng ko‘lamli harbiy hujum rejalashtirilmagani qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Tolibon” 2025 yilda Afg‘oniston umumiy byudjetining 49 foizini xavfsizlik uchun sarflagani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi