Mast holda “rulga o‘tirganlar” uchun jazo kuchaytirilmoqda

Jamiyat

image

O‘zbekistonda haydovchilar mast holda avtomobil boshqargani uchun 5 yil transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilishi mumkin. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i Olimjon Saidov ma’lum qildi. 

“Ayni paytda 8 ta normativ-huquqiy hujjat, jumladan, ikkita qonun, bitta Prezident qarori hamda to‘rtta Vazirlar Mahkamasi qarori loyihalari tayyorlanmoqda. Dastlab, Prezidentning “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ta’minlash va o‘limlar holatini keskin kamaytirish tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqilyapti.

Qaror loyihasiga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirishlar kiritilib, mast holda avtomobil boshqarganlar 5 yil transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etiladi. Amaldagi tartibga ko‘ra, bu bir yil-u olti oydan uch yilgacha etib belgilangan”, deydi Olimjon Saidov. 

Ta’kidlanishicha, mast holda avtomobil boshqarganlik uchun jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida etib belgilanishi mumkin. Amaldagi jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravarini tashkil etadi. 

“Mast bo‘la turib tibbiy ko‘rikdan o‘tishdan bo‘yin tovlaganlik uchun haydovchilik huquqidan mahrum qilish muddati qat’iy 3 yil etib belgilanmoqda”, deya qo‘shimcha qildi YHXX boshlig‘i.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

279

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing