Mass-media fondi OAVni moliyaviy tomondan “o‘ldiradigan” qonun bo‘yicha bayonot berdi
Jamiyat
−
01 iyun 2021
4376Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ko‘rib chiqilib, ma’qullangan yangi tahrirdagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonun loyihasi milliy OAV va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda. Ushbu loyiha konseptual nuqtai nazardan ilk ko‘rib chiqishdayoq deputatlarning 98,4 foizi tomonidan ma’qullangan. Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi ushbu holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
“Reklama xususiy OAV faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbai hisoblanadi. Shubhasiz, ushbu qonunloyihasini hozirda Qonunchilik palatasida muhokama qilinayotgan shaklda qabul qilish mamlakatning butun media bozori moliyaviy barqarorligiga tuzatib bo‘lmaydigan darajada zarar yetkazadi va teleradiokanallar o‘z yillik daromadidan milliardlab so‘m yo‘qotishiga olib keladi.
Xususan, loyihada tovarlarning takroriy reklamasini bir blokda joylashtirishni taqiqlash taklif qilinmoqda. Bir mahsulot uchun reklamalarni bitta reklama blokida joylashtirish amaliyoti butun dunyoda qo‘llaniladi va ko‘pincha bu amaliyotga yirik xalqaro reklama beruvchilar (investorlar) murojaat qiladi.
Masalan, aksariyat kompaniyalar butun dunyo bo‘ylab imidj reklamasini o‘takazish bilan bir vaqtning o‘zida alohida bozor aksiyalarini faollashtirish uchun ham reklama targ‘ib qiladi. Shu o‘rinda, reklama roliklari, ularning mohiyati va maqsadi har xil bo‘lishi mumkin, ammo mahsulot bir va marketing strategiyasiga ko‘ra, ularni bitta reklama blokiga joylash mumkin”, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, Fond bayonotida ko‘plab xorijiy mamlakatlar teleradiokanallarida reklama vaqtini cheklashlar mavjud emasligi qayd etib o‘tilgan.
“Reklamaning umumiy hajmi bir soatlik efir vaqtining 15 foizidan va kunlik yefir vaqtining 10 foizidan oshmasligi kerakligini belgilash taklif qilinmoqda. Xorijiy amaliyotni tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki, AQSH, Yaponiya, Janubiy Koreya singari ko‘plab mamlakatlar teleradiokanallarida reklama vaqtini cheklashlar mavjud emas. Yevropa ittifoqi, Markaziy Osiyo, Indoneziya, Ozarbayjon, Belarus kabi bir qator mamlakatlarda reklama teleradiokanallari kunlik efir vaqtining 20–25 foizidan oshmasligi kerak ekan.
Qonunda uning ta’sir doiralarini aniqlash muhim. Masalan, OAV saylov oldidan nomzodlarning targ‘ibot va boshqa turdagi reklama materiallarini efirga uzatishga va o‘z sahifalarida joylashga majbur bo‘ladi. Bunday holda, ushbu roliklarning hajmi reklama uchun ajratilgan umumiy efir vaqtidan hisoblanmasligi kerak.
Fond 30 daqiqa davom etadigan teleradiodasturlarda OAV tahririyatlariga loyihada ko‘rsatilgan 3 daqiqa o‘rniga 5 daqiqalik reklama blokini joylashtirishga ruxsat berilishi kerak, deb hisoblaydi. Ishonchimiz komilki, hech bir OAV tahririyati tomoshabinlar sonini yo‘qotib, ularning qiziqishlariga zarar keltiradigan reklama bloklarini shakllantirishga yo‘l qo‘ymaydi.
Ma’lum bir tovar va xizmatlarning ijtimoiy ahamiyatini hisobga olgan holda, shaxsiy gigiyena vositalari, tibbiy xizmatlar, shuningdek, ona suti o‘rnini bosuvchi yormalar kabi oziq-ovqat mahsulotlari reklamasiga taqiqning zaruriyatini yanada chuqurroq o‘rganish kerak.
Hozirda reklama beruvchilarni jalb qilishda qiynalayotgan bosma OAVlar ham cheklangan reklama hajmidan sezilarli zarar ko‘radi.
Buning oqibatida O‘zbekistonda reklama uchun talab bozorda mavjud bo‘lgan milliy teleradiokanallar taklifidan ancha yuqori bo‘lishi yuzaga keladi. Natijada esa reklama beruvchilar sun’iy ravishda chet el telekanallari va xorijiy Internet platformalariga surib qo‘yiladi, ularning daromadlari esa O‘zbekiston iqtisodiyotiga kirmaydi va bizda soliq solinmaydi”, deb yozilgan Fond bayonotida.
Yozilishicha, reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun haddan tashqari yuqori jarimalar qo‘llanilishi jamoatchilik orasida norozilikka sabab bo‘lmoqda.
Mart oyida Fond ushbu qonun loyihasining asosiy tashabbuskori va ishlab chiquvchisi bo‘lgan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga ushbu qonun hujjatining qabul qilinishi natijasida yuzaga keladigan salbiy oqibatlarning oldini olishga qaratilgan taklif va tavsiyalarini yuborgan. Biroq, ushbu takliflar parlament muhokamasiga taqdim etilgan loyihada aks ettirilmagan.
Qayd etilishicha, Fond parlamentning “Reklama to‘g‘risida”gi qonun loyihasini yangi tahrirda muhokama qilish va yanada rivojlantirishga barcha manfaatdor tomonlarni, avvalambor, ommaviy axborot vositalari vakillarini jalb qilishi kerak, deb hisoblaydi.
Agar joiz bo‘lsa, Fond loyihaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bu kabi muhokamasining tashkil etilishida yordam ko‘rsatishga tayyorligini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov mazkur qonun qabul qilinganiga munosabat bildirib, uni matbuotga jiddiy moliyaviy zarar keltirishi mumkin bo‘lgan hujjat deb baholagandi.
Keyinchalik ushbu qonun loyihasi bo‘yicha “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tgandi.
LiveBarchasi