Maskning Twitter'ni sotib olishi OAV erkinligi uchun yomon yangilik – IFJ
Olam
−
26 aprel 2022
5754Xalqaro Jurnalistlar Federatsiyasi (IFJ) Ilon Maskning Twitter’ni sotib olishini ommaviy axborot vositalari erkinligi uchun “yomon xabar” deb atadi. Mazkur bayonot Federatsiya saytida e’lon qilindi.
“Twitter — bu jurnalistlar ofisidir. Bu yerda jurnalistlar o‘z ishlarini targ‘ib qiladi, g‘oyalarni bildiradi yoki ma’lumot manbalarini topadi. Bu maydon so‘z erkinligini hurmat qilgan holda tegishli tarzda moderatsiya qilinishi kerak. Bu har qanday Twitter egasi e’tibor berishi kerak bo‘lgan nozik balansdir. Biz Ilon Maskning Twitter bo‘yicha rejalari noto‘g‘ri yo‘nalishda ketayotganidan xavotirdamiz, bu orqali jurnalistlarga hujum qilish imkoniyatlarini kuchaytirib, foydalanuvchilarning anonimligiga tahdid solmoqda”, deydi IFJ Bosh kotibi Entoni Bellanjer.
Yevropa jurnalistlar federatsiyasi Bosh kotibi Rikardo Gitteresning ta’kidlashicha, milliarder o‘tmishda Twitter’dan ma’lumotni manipulyatsiya qilish, aksiyalar narxiga ta’sir o‘tkazish va o‘z biznesini ommaviy axborot vositalarida yoritilishini nazorat qilish uchun foydalanishda hech qachon ikkilanmagan.
“U ijtimoiy tarmoqni o‘z manfaati uchun, jamoat manfaatlarini hisobga olmasdan nazorati qilishni uchaytiradi, deb ishonish uchun barcha asoslarimiz bor. Plyuralizm, ommaviy munozaralar va demokratiyaga zarar yetkazuvchi hokimiyat konsentratsiyasiga qarshi turish uchun ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarga egalik huquqini tartibga solish vaqti keldi”, deydi Rikardo Gitteres.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 25 aprel kuni Twitter rahbarlari Ilon Maskning ijtimoiy tarmoqni sotib olish bo‘yicha 44 milliard dollarlik taklifini qabul qilganini e’lon qildi.
Ilon Mask o‘zini “erkin so‘z absolyutisti” deya ta’riflaydi. U bir necha bor Tvitterning moderatsiya siyosatini tanqid qilgan va bu platforma haqiqiy so‘z erkinligiga xizmat qilishi kerakligini aytgan. Twitter bilan erishgan kelishuvi ortidan chiqargan bayonotida u so‘z erkinligini “faol demokratiyaning asosi” deb atadi.
Oq uyning amaldagi ma’muriyati Maskning Twitter'ni sotib olishiga izoh bermadi, biroq ijtimoiy tarmoqlar soxta xabarlar tarqatish va nafrat uyg‘otish joyi bo‘la olmasligini ta’kidladi.
LiveBarchasi