Mask Twitterʼdan ketishi kerakmi? Tarmoqda so‘rovnoma o‘tkazilyapti 

Olam

image

Deyarli ikki oydan avval Twitter rahbarligini qo‘lga olgan Ilon Mask kompaniya rahbari lavozimidan ketishi kerakligi to‘g‘risida so‘rovnoma o‘tkazdi. U xabarni ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga joylashtirgan.

“Twitter rahbari lavozimidan ketishim kerakmi? Men ushbu so‘rov natijalariga sodiq qolaman”, deb yozadi u o‘z sahifasida.

Bugun, 19 dekabr Toshkent vaqti bilan soat 10:37 holatiga ko‘ra, ishtirokchilarning 56,3 foizi “ha”, 43,7 foizi “yo‘q” javobini tanlagan. Hozirgacha so‘rovnomada deyarli 12 million foydalanuvchi ishtirok etgan.

Ma’lumot uchun, u bu so‘rovnomani o‘zi haqida tanqidiy fikr yozgan bir necha taniqli jurnalistning Twitterʼdagi akkauntini ma’lum muddatga to‘xtatib qo‘ygani hamda keyinchalik ularning akkauntlari tiklanishi jarayoni ortidan tashkillashtirgan.

Umuman olganda, Maskning Twitter boshqaruviga kelishi kompaniyada bir nechta tartibsizlikni keltirib chiqardi. U ijtimoiy tarmoqni xarid qilishi bilan top-menejerlarni ishdan bo‘shatdi va o‘rniga boshqalarni tayinladi. Bundan tashqari, kompaniya ishchilari 50 foizga qisqartirildi.

Shuningdek, Ilon Mask Amerika Qo‘shma Shtatlarining sobiq Prezidenti Donald Trampning Twitterʼdagi hisobini qayta tikladi. Trampning hisobini tiklash Mask Twitterʼning siyosatini keskin o‘zgartirganini anglatadi.

Albatta, Maskning harakatlari Twitterʼda reklama beruvchilarda ham xavotir uyg‘otdi. Biroq Amazon va Appleʼning Twitterʼda reklama berishni davom ettirish qarori mutlaq yutuq bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 oktyabr kuni amerikalik milliarder Ilon Mask Twitterʼni sotib olish bo‘yicha 44 milliard dollarlik kelishuvni yakunlab, ijtimoiy tarmoq rahbariga aylangan edi.

Ozoda Choriyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

32

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing