Mask Tramp kampaniyasiga 75 mln dollar xayriya qildi

Olam

image

Amerikalik milliarder, Tesla va SpaceX asoschisi Ilon Mask AQSH prezidentligi saylovlarida sobiq davlat rahbari, respublikachi Donald Trampni qo‘llab-quvvatlovchi America PAC siyosiy tashkilotiga 3 oy ichida 75 million dollar xayriya qildi. Bu haqda bugun, 16 oktyabr kuni AQSH Federal saylov komissiyasi e’lon qilgan hujjatda keltirilgan.

Ushbu mablag‘larning katta qismi – 72 million dollar – 2024 yil iyul va sentyabr oylari orasida o‘tkazilgan. “The Washington Post” gazetasi milliarderning tashkilotini “Ilon Mask tomonidan Donald Tramp saylovoldi tashviqotini olib borish uchun tuzilgan siyosiy harakatlar qo‘mitasi” deb atagan.

Shuningdek, nashrda qayd etilishicha, America PAC Trampning ikkinchi muddatga saylanish da’vosida asosiy o‘yinchi sifatida paydo bo‘lgan.

O‘z navbatida, “Reuters” agentligi bu tashkilot o‘z sa’y-harakatlarini shtatlarda saylovchilarni safarbar etishga qaratayotganini tushuntiradi. Hisobotga ko‘ra, America PAC Trampni qo‘llab-quvvatlash uchun bir xil maqsadlarga ega bo‘lgan boshqa guruhlarga qaraganda ko‘proq pul sarflagan.

Nima uchun Mask Trampni qo‘llab-quvvatlaydi

O‘z so‘zlari bilan aytganda, avvalroq AQSH Demokratik partiyasiga ovoz bergan Ilon Mask iyul oyida joriy saylovlarda Donald Trampni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan edi. Milliarder o‘shandan beri o‘zining X ijtimoiy tarmog‘ida Trampning AQSH chegaralarini noqonuniy muhojirlardan himoya qilish siyosatini, mamlakatda ichki xavfsizlikni mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlarini, shuningdek, so‘z erkinligini himoya qilish bo‘yicha pozitsiyasini ma’qullashini bir necha bor ta’kidlagan.

16 oktyabr kuni Mask o‘sha oqshomdan 21 oktyabrgacha Pensilvaniyada bir qator tomoshalar o‘tkazish niyatida ekanligini ma’lum qildi. Pensilvaniya Tramp uchun ham, uning AQSH Demokratik partiyasidagi raqibi, mamlakatning amaldagi vitse-prezidenti Kamola Harris uchun ham saylovlardagi ovozlar bo‘yicha muhim shtat sifatida ko‘riladi.

Iyul oyi o‘rtalarida Trampning Pensilvaniyada saylovoldi chiqishlaridan birida uning hayotiga suiqasd qilingan. AQSHning sobiq prezidenti qonli yuz bilan sahnadan olib ketilganidan so‘ng, Mask uni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini aytdi.

Shu bilan birga, tadbirkor Kamola Harrisni bir necha bor tanqid qilib, xususan, agar u g‘alaba qozonsa, bu saylovlar Qo‘shma Shtatlar uchun oxirgisi bo‘lishini aytgandi.

Trampga kelsak, 20 avgust kuni “Reuters” agentligiga bergan intervyusida jurnalistning agar u saylovda g‘alaba qozonsa, Maskni maslahatchi yoki vazir lavozimiga tayinlashni xohlaysizmi degan savoliga u ijobiy javob bergan edi.

Ma’lumot uchun, AQSHda prezidentlik saylovlari 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Sobiq prezident Donald Tramp Respublikachilar partiyasidan davlat rahbari lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatilgan. Demokratlardan esa vitse-prezident Kamola Harris mamlakat rahbarligi uchun kurashadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mask Tramp tuzadigan komissiyaga rahbar bo‘lishga rozi bo‘lgandi. Tramp noyabr oyidagi saylovda g‘alaba qozonsa, hukumat dasturlari auditini o‘tkazish uchun rahbariyatiga Mask ham kirishi mumkin bo‘lgan maxsus komissiya tuzish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Tramp Mask

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing