Mask birinchi marta “Forbes”ning milliarderlar reytingini zabt etdi

Olam

image

“Forbes” o‘zining yillik reytingida “Tesla” kompaniyasining eng yirik aksiyadori Ilon Maskni sayyoradagi eng boy odam sifatida qayd etdi. Uning boyligi 219 milliard dollarga baholangan.

Nashr o‘zining yillik reytingida ilk marta tadbirkorni sayyoradagi eng boy odam sifatida e’tirof etdi – o‘tgan yilgi reytingda u 151 milliard dollar bilan ikkinchi o‘rinni egallagan edi. So‘nggi 12 oy ichida Mask 68 milliard dollarga boyidi. Bu unga asosiy raqibi – “Amazon” asoschisi Jeff Bezosni ortda qoldirish imkonini berdi. Bezosning boyligi 171 milliard dollarga baholanmoqda, bu bir yil avvalgidan 6 milliard dollarga kam.

Maskning asosiy aktivlari elektromobil ishlab chiqaruvchi “Tesla”  kompaniyasidagi ulushlar bo‘lib, u 172,6 million dona yoki kompaniya aksiyalarining 17 foiziga, “SpaseX” kosmik kompaniyasi aksiyalarining deyarli 44 foiziga egalik qiladi. Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, 2021 yilda u 11 milliard dollardan ortiq soliq to‘lagan va AQSHning eng yirik xususiy soliq to‘lovchisiga aylangan.

Ilon Mask o‘zining birinchi biznesini 1995 yilda akasi bilan birga boshlagan Ular axborot agentliklariga internetda kontent chop etish va o‘z mijozlariga qo‘shimcha pullik xizmatlar taklif qilish imkonini beruvchi dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchi Zip2 kompaniyasiga asos solgan. 1999 yilda bu startap “Compaq” tomonidan 304 million dollarga sotib olingan. Zip2 da 7 foiz ulushga ega bo‘lgan Mask 22 million dollar olgan.

O‘sha yili tadbirkor X.com kompaniyasiga asos solgan, keyinchalik kompaniya “PayPal” nomi bilan mashhur bo‘ldi. 2002 yil oktyabr oyida “PayPal” “eBay” tomonidan 1,5 milliard dollarga sotib olindi. Sotish vaqtida Mask kompaniyaning 11,7 foiz ulushiga egalik qilardi, bu esa unga 165 million dollar daromad olish imkonini berdi.

Xuddi shu yili Mask SpaseX kompaniyasiga asos soldi, bir yildan keyin esa “Tesla Motors” tashkil etildi. 2008 yil dekabr oyida NASA SpaseX bilan 1,6 milliard dollarlik shartnoma imzoladi va o‘sha yili “Tesla” o‘zining birinchi avtomobili — Tesla Roadster’ni sotuvga chiqardi.  

Birinchi marta Ilon Mask 2012 yilda “Forbes” ro‘yxatiga kirdi. Keyin u 2,4 milliard dollar boyligi bilan 190-o‘rinni egalladi. 2019 yilda “Tesla” dunyodagi eng yirik elektromobillar ishlab chiqaruvchisiga aylandi, 2021 yil oktyabr oyida uning kapitallashuvi birinchi marta 1 trillion dollardan oshdi.


Maqola muallifi

Teglar

Ilon Mask Tesla

Baholaganlar

262

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing