Mask 2 yildan beri Putin bilan muntazam aloqada – WSJ
Olam
−
25 Oktabr
4573Amerikalik milliarder Ilon Mask Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muntazam aloqada ekani aytilmoqda. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “The Wall Street Journal” xabar berdi.
“Ilon Mask – dunyodagi eng boy odam va AQSH kosmik tadqiqotlarining asosiy tayanchi 2022 yil oxiridan beri Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muntazam aloqada bo‘lib turibdi", deyiladi xabarda.
WSJ’ga ko‘ra, ikki shaxs o‘rtasidagi mavjud aloqalar G‘arbning amaldagi va sobiq rasmiylari tomonidan tasdiqlangan. Nashr, shuningdek, Putin va Mask o‘rtasidagi suhbatlar mavzusidan biri Tayvan masalasi bo‘lganini yozmoqda. Unga ko‘ra, bir marta Putin milliarderga Xitoy yetakchisi Si Szinpin uchun iltifot sifatida Tayvan uzra uning Starlink sun’iy yo‘ldosh internetini faollashtirmaslikni so‘ragan.
“Mazkur aloqalar, shuningdek, ba’zi amaldorlar orasida milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha xavotirlarni keltirib chiqarmoqda”, deyiladi xabarda.
Nashrning yozishicha, Maskning Starlink tarmog‘ini boshqaruvchi SpaceX AQSH harbiylari hamda razvedka agentliklari bilan hamkorlik qiladi, bu esa Maskka ayrim maxfiy ma’lumotlarga kirish imkonini beradi. Biroq Maskning Putin bilan aloqasi bo‘yicha xavfsizlikka tahdid yuzasidan hech qanday xavotirlar bildirilmagan.
Shunga qaramay, suhbatlardan xabardor bo‘lgan bir manba AQSH hukumatining Mask va Putin o‘rtasidagi muloqotga bo‘lgan munosabati haqida “ular bundan xursand emas” deb izoh bergan.
Maskning o‘zi bu xabarga izoh bermagan, lekin oldinroq o‘zini Rossiyani qo‘llab-quvvatlovchi sifatida ko‘rsatilishi bema’nilik ekanini aytgan.
Qayd etilishicha, o‘tgan yili Mask Ukrainaning Qrim sohillari yaqinida dron hujumini amalga oshirish uchun Starlink sun’iy yo‘ldosh internet tarmog‘ini faollashtirmagani uchun tanqid ostiga olingan, biroq u o‘z texnologiyasi harbiy operatsiyalar uchun mo‘ljallanmaganini ta’kidlagan.
Kreml vakili Maskning Putin bilan aloqasi telefon orqali bo‘lganini, unda ikkisi kosmik masalalar hamda hozirgi va kelajakdagi texnologiyalar haqida suhbatlashganini bildirgan.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr