Mas’ullar qishloqlarga toza suv borishi uchun 4,5 mlrd dollar so‘ramoqda
Jamiyat
−
28 noyabr 2022
9287Ahvolimiz chatoq: O‘zbekistonning suv zaxirasi allaqachon tugab bo‘lgan. Hozir borini ishlatyapmiz. Bu so‘zlar kecha Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani davomida “O‘zsuvta’minot” AJ bosh muhandisi Anvar Muhammadaliyev tomonidan aytildi.
Uning aytishicha, O‘zbekistonning suv resurslari bugungi kunda 52-53 ming kub/kmni tashkil qiladi. Ammo O‘zbekiston aholisining bugungi ehtiyoji naq 62 ming kub/kmga teng. Shu sababli o‘sib borayotgan mamlakat fuqarolariga 6-8 ming kub/km suv yetishmasligi muammosi mavjud.
“Buxoroni ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun Samarqanddan olib kelyapmiz. Butun boshli Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatiga bahorda Mo‘ynoq tumanida suv to‘plab olib, shuni beryapmiz. Bizda allaqachon suv zaxirasi qolmagan, borini ishlatyapmiz. Yerosti suvlari zaxirasi bo‘yicha ham ahvolimiz chatoq. Mana hozir sug‘orish uchun quduq qazishga moratoriy bo‘yicha Prezident qarorini tayyorladik. Zomin (Jizzax), Qo‘shrabot (Samarqand), Nurota (Navoiy) tumanlarida yerosti suvlari oxirlab qolgan. Ahvolimiz allaqachon “kriticheskiy” holatda”, dedi Anvar Muhammadaliyev.
“O‘zsuvta’minot” AJ bosh muhandisining qo‘shimcha qilishicha, sug‘orishda isrofgarchilikni kamaytirishimiz, ichimlik suvidan ham foydalanishni tartibga solishimiz kerak.
“Bu faqat “O‘zsuvta’minot” AJning vazifasi emas. Bu hammaning burchi. Butun suv xo‘jaligining, suv bilan aloqador bo‘lgan barcha sohalarning qiladigan ishi”, deya ta’kidladi mutaxassis.
Iste’mol uchun suvni ko‘proq olishga majbur bo‘lish ortidan qishloq xo‘jaligiga katta zarar yetadi. Odamlarni markazlashtirilgan ichimlik suvi tizimiga ulash ko‘rsatkichlari oshmoqda. Ammo tizimga ulandi, quvurlar yotqizildi degani, bu suv yetib bordi, yoki to‘liq yetib bordi degani ham emas.
Endi pul haqida gaplashamiz. Xo‘sh, butun O‘zbekistonni to‘liq suv bilan ta’minlash uchun qancha mablag‘ kerak?
Hozir qancha mablag‘ ajratilyapti, oldin qancha ajratilgan edi? Va bu pullar o‘zini oqlayaptimi? Nima uchun haligacha ko‘plab qishloqlarda, ba’zan markaziy hududlarda ham odamlar suvni uzoqdan tashib iste’mol qiladi? Ular ichadigan suvning sifati haqida-ku gap bo‘lishi mumkin emas.
Qishloq deganda faqat bir tupkanning tagidagi qishloqlarni tushunmang. Hatto poytaxt Toshkentning naq biqinidagi qishloqlarda ham uzuoq yillardan buyon ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolar bor. Masalan bundan bir necha oy avval bo‘lib o‘tgan Senatning 29-yalpi majlisida senator Qutbiddin Burhonov poytaxtdan uncha uzoq bo‘lmagan Toshkent viloyatidagi uchta mahallada 17 yildan buyon ichimlik suvi yo‘qligi, odamlar bir choynak choy qaynatish uchun ham suvni uzoqdan olib kelishini va bu muammoni hal qilish mas’ullar tomonidan paysalga solib kelinayotganini aytgan edi. 17 yil-a? Bu bir bolaning tug‘ilganidan to ulg‘ayishiga dovur vaqt degani. Viloyatlarda esa vaziyat bundan-da og‘ir. Sarflanyotgan pullar qayoqqa ketyapti?
“2021 yil yakuni bo‘yicha O‘zbekistonda markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 69,7% ni tashkil qilgan. 2022 yilning birinchi yarmiga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich 71,2 % ni tashkil qilib, yil yakuniga qadar 74% ga yetkazish mo‘ljallangan”, dedi Jamiyat matbuot kotibi Akmal Murodov.
Shuningdek, “O‘zsuvta’minot” AJ mas’ul xodimining ma’lumot berishicha, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun davlat byudjetidan ajratilayotgan pullar yildan yilga keskin ortmoqda.
“Agarda 2013 yilga qaraydigan bo‘lsak, ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash bo‘yicha sohamizga 548 mlrd pul ajratilgan. Bu mablag‘lar 2016 yilga kelibgina 620 mlrdga chiqqan. 2022 yilda 2,5 trln so‘m mablag‘ ajratilgan. 2021 yilda 1 trln 900 mlrdni tashkil etgan. 2020 yilda esa 1,5 trln bo‘lgan”, dedi “O‘zsuvta’minot” AJ boshqarma boshlig‘i Asiljon Muhiddinov.
Biroq bu pullar butun O‘zbekistonni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun yetmayotgan ekan. Qachon qishloqlarga suv boradi?
“Bizning hozirgi konsepsiyamizga ko‘ra, 4,5 mlrd dollar kerak. Ana shu mablag‘ ajratilsa, undan keyin qishloqlarga ham suv boradi”, dedi Anvar Muhammadaliyev.
Gap millionlar, milliardlar va trillionlar haqida ketmoqda. O‘zbekistonda toza ichimlik suvi yetib bormagan, suvni uzoqdan tashib kelib ichadigan aholi soni ham oz emas. Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolarining 9% i, 3 mln 200 mingga yaqin kishi ichimlik suvini uzoqdan tashib iste’mol qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 5 sentyabr kuni aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishida mamlakatda 11 mingdan ziyod qishloqlar toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmaganini aytgan edi.
“O‘zsuvta’minot” AJ boshqarma boshlig‘i Asiljon Muhiddinovning ma’lum qilishicha, 2022 yil holatiga ko‘ra O‘zbekistonda jami 9314 ta MFYlarning 3829 tasi ichimlik suvi bo‘yicha to‘liq, 3940 tasi to‘liq bo‘lmagan ta’minotga ega bo‘lsa, Afsuski, respublikadagi 1545 ta MFYlar markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan.
Shuningdek, “Makrotrends” xalqaro tadqiqot platformasining eng so‘nggi tahlillari shuni ko‘rsatmoqdaki, O‘zbekistonda ichimlik suvining sifati yildan yilga pasaymoqda.
O‘zbekistonda 2020 yilda toza ichimlik suvi ta’minoti 58,83 foizni tashkil etdi, bu 2019 yilga nisbatan 0,01 foizga kamayganini ko‘rsatadi.
O‘zbekistonda 2019 yilda toza suvdan foydalanish darajasi 58,84 foizni tashkil etib, bu ko‘rsatkich ham 2018 yilga nisbatan 0,02 foizga kam.
2018 yilda toza suvdan foydalanish darajasi 58,86 foizni tashkil etdi, bu 2017 yilga nisbatan 0,04 foizga kamaydi.
O‘zbekistonda 2017 yilda toza suvdan foydalanish 58,90 foizni tashkil etdi, bu 2016 yilga nisbatan 0,02 foizga ko‘p.
Suvning toza bo‘lmasligida esa ko‘pincha unga tashlanadigan chiqindilarning ulushi katta bo‘ladi. Sanoat korxonalarida birlamchi (lokal) tozalash uskunalari o‘rnatilmagan. Shuningdek, korxonalardagi mavjud tozalash uskunalari ham talabga javob bermaydi. Buning oqibatida chiqarilayotgan oqova suvlarning tarkibi me’yordan yuqori zararli bo‘lib, tozalash inshootlarining texnologik faoliyatini izdan chiqarmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, hududlardagi ekologik holatga salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Shu boisdan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 804-sonli qaroriga asosan endilikda, aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, 2023 yil 1 yanvardan boshlab, me’yordan yuqori ifloslangan oqova suv tashlayotgan korxonalar bilan shartnomani bekor qilish belgilangan.
Suv oqova tizimlariga zararli oqovalarni chiqarayotgan korxonalar birgina Toshkent shahrining o‘zida naq 84 ta. Eng ko‘p suv oqova tizimiga ziyon yetkazayotgan korxonalar qatorida esa “Sosa-Cola Ichimligi Uzbekiston,Ltd” MCHJ, “Toshkent Plast Polimer” MCHJ, “Toshkent metallurgiya zavodi” kabi mashhur korxonalar mavjud.
Oqova suv xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi yana bir tizimli muammolardan biri – bu oqova suv tizimlarining aksariyat qismi o‘tgan asrning 70-80 yillarida qurilgan bo‘lib, bugungi kunda ta’mirtalab holatga kelib qolgan.
Hozirda mamlakatimizda 282 ta oqova suv ko‘tarish nasos stansiyalarida jami 527 ta nasos agregatlari mavjud bo‘lib, shundan 122 tasi nosoz, shuningdek, mavjud jami 8,8 ming km oqova suv tarmoqlaridan 2,1 ming km (23%) ta’mirtalab ahvolda.
LiveBarchasi