“Mas’uliyat yetishmayapti”. Prezident mahalla raislarini tanqid qildi

Jamiyat

image

O‘zbekistondagi ayrim mahallalar raislari hududi bo‘yicha master reja qilishni, bo‘sh yerlar, bino-inshootlarni iqtisodiy aktivga aylantirishni o‘ylamayapti. Bu haqda bugun, 16 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev mahallalarga yangi muhit olib kirish hamda “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil qilish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida so‘z ochdi.

Davlat rahbari bu yil infratuzilmani yaxshilash, odamlar va tadbirkorlar uchun sharoit yaratish maqsadida tumanlarga o‘rtacha 250 milliard so‘mdan, mahallalarga esa 5,5 milliard so‘mdan mablag‘ berilganini ta’kidlagan. 

Tuman hokimlari va mahalla raislarining tushum bo‘yicha vakolatlari kengaytirilgani natijasida hududda qoladigan qo‘shimcha daromad 2 barobargacha ko‘paygan. Tumanlarda o‘rtacha 22 milliard so‘mdan qo‘shimcha mablag‘ qolgan, mahalla byudjetiga esa o‘rtacha 150-200 million so‘m tushgan. 

“Lo‘nda aytganda, hududdagi masalalarni hal qilish uchun hokimda ham, mahalla raisida ham, umuman, “yettilik”ning har bir vakilida resurs va vakolat bor. Yetishmayotgan jihat – mas’uliyat va tashabbuskorlik”, deydi Prezident.

Qayd etilishicha, tahlillar ayrim mahallalarda muammolar vaqtida hal etilmayotganini ko‘rsatmoqda. Shu yilning o‘zida Xalq qabulxonalari orqali 87 ta mahallaning har biridan 200 dan ortiq murojaat kelib tushgan. 

Bu mahalla raislari hududi bo‘yicha master reja qilishni, bo‘sh yerlar, bino-inshootlarni iqtisodiy aktivga aylantirishni o‘ylamayotgani, tuman, viloyat, respublikadan kelgan rahbarlarga aniq masala qo‘ya olmayotgani bilan ham bog‘liq.

Shuningdek, “Tashabbusli byudjet” dasturi doirasida joriy yil 7,5 trillion so‘m ajratilgan bo‘lsa-da, 2 ming 136 ta mahallada birorta loyiha g‘olib chiqmagan. Davlat rahbari mahalladagi hamjihatlik, daxldorlik va tashabbuskorlik aynan shunday amaliy natijalar bilan o‘lchanishini ta’kidlagan.

Yig‘ilishda mahallalarda kichik loyihalarni ko‘paytirish va aholini ishli qilish masalalari tanqidiy tahlil qilingan. So‘nggi olti oyda banklar tomonidan kichik-kichik loyihalar uchun 18,5 trillion so‘m resurs ajratilgan.

Mazkur mablag‘lar hisobidan 110 mingta mikroloyiha amalga oshirilib, 259 ming odam ishli bo‘lgan. Lekin 47 ta mahallada bor-yo‘g‘i 2 tadan mikroloyiha ishga tushirilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing