Mart oyidagi beqarorlik: ekinlar yana qor ostida qoladimi?

Jamiyat

Joriy yilning fevral oyi oxirida hamda mart oyi boshlarida O‘zbekiston uchun yilning bu vaqtida noodatiy bo‘lgan sovuq havo hukm surdi va hozir ham davom etyapti. Noqulay ob-havo sharoiti esa qishloq xo‘jaligi ekinlari va gullab ulgurgan mevali daraxtlarning hosiliga zarar yetkazadi.

Bu kabi beqaror ob-havoni oldindan prognoz qilish, kuchli qor yoki shamoldan aholini barvaqt ogohlantirish O‘zbekiston Gidrometeorologiya xizmati markazi tomonidan amalga oshiriladi.

Shu sababli O‘zbekistonda hozir saqlanib qolayotgan nisbatan salqin havo qachongacha davom etishi, fevral oxiridagi kutilmagan sovuqning ekinlarga ta’siri haqida ma’lumot olish uchun O‘zgidrometning Gidrometeorologik xizmat ta’minoti boshqarma boshlig‘i Doniyor Turg‘unov bilan suhbatlashdik.

Ro‘zimurod Berdiyev, jurnalist: ― O‘zbekistonda beqaror ob-havo kuzatilishining sababi nima?

Doniyor Turg‘unov, Gidrometeorologik xizmat ta’minoti boshqarma boshlig‘i: ― O‘zbekistonda boshqa oylarga nisbatan eng beqaror ob-havo holati aynan mart oyiga to‘g‘ri keladi. Bu degani, mart oyi kunning birdan isib ketishi va ana shunday tarzda sovib ketishi bilan boshqa oylardan ajralib turadi. Xususan, mart oyida atmosfera yog‘inlari ko‘p miqdorda yog‘ishini doimiy ravishda kuzatib boramiz.

R.B: ― Ayni damda mart oyida sovuq ob-havo sharoiti kutilyaptimi?

D.T: ― Mart oyining ushbu haftasining oxirida sovuq ob-havo kirib kelishi kutilmoqda. Xususan, shanba kuni havo harorati 0 darajadan pastga tushishi va kuchli yomg‘irlar kuzatilishi kutilmoqda. Shuningdek, joylarda yomg‘ir qorga aylanishi mumkin. Yakshanba va dushanba kuni mana shunday sovuq ob-havo saqlanib turadi. Dushanbadan haftaning keyingi kunlariga borib havo harorati 22 darajagacha iliy boshlaydi.

R.B: ― Sovuq ob-havo yilning bu vaqti uchun normal holat hisoblanadimi?

D.T: ― Boya yuqorida ta’kidlab o‘tdim, mart oyi bu beqaror ob-havo kuzatilishi bilan ajralib turadi.  Bunday holatlar oldin ham kuzatilgan. Xususan, 1998 yil aynan mart oyida atmosfera yog‘inlari 9 kun davomida qor ko‘rinishida  juda ko‘p yog‘gan. Shu jihat bilan olib qarasak mart oyidagi beqaror ob-havo holati nafaqat O‘zbekiston balki butun Markaziy Osiyo uchun xosdir.

R.B: ― Mamlakatimizda kuzatilayotgan mana shunday noqulay ob-havo sharoiti ekinlarga qanday ta’sir qiladi?

D.T: ― Mana fevral oxirida bo‘lgan ob-havoning keskin sovib ketishi ko‘p ekinlarimiz, xususan, mevali daraxtlarimizga ziyon yetkazdi. Buning sababi shuki, fevral oyida 3 marta anomal holat kuzatildi. Bu anomal holatlardan biri fevral oyida havo haroratining 23 darajagacha ko‘tarilib ketishi bo‘ldi. Bu fevral oyi uchun butun 100 yillikdagi rekord daraja va ana shunga mos ravishda mevali daraxtlarimiz kurtak ota boshladi. Fevral oyining oxirida aynan qish mavsumiga xos ob-havo kuzatildi.

R.B: ― Hammamizga ma’lumki, qish fasli sovuq keldi. Bu yozning issiq kelishidan dalolat beradimi?

D.T: ― Bilasizmi, men qish faslini u darajada sovuq keldi deb aytmagan bo‘lardim. Qish faslida o‘ziga xos ob-havo kuzatilgani bilan ajralib turdi. Xususan, yanvar oyidagi anomal holatlar, ya’ni kunning me’yoridan 7, 9 darajagacha yuqori holatda isib ketishi yoki sovib ketishi qayd etildi. O‘tgan qish fasli oldingi qish faslining holatlari bilan solishtirilganda normal holatda o‘tdi. Qishning holatiga qarab yozning qanday kelishini uzoq muddatli prognozlash amaliyoti hozirda yo‘q. Uzoq muddatli prognozlar odatda ko‘pi bilan bir oy uchun beriladi.

R.B: ― Xabaringiz bor, global isish butun dunyoda kuzatilayotgan jarayon hisoblanadi. O‘zbekiston 2021 yilning issiq ob-havosiga qanchalik tayyor?

D.T: ― Bilasizmi, iqlim o‘zgarishini ko‘pgina mutaxassislarimiz global isish bilan ifodalamoqda. Iqlim o‘zgarishi nafaqat global isish bilan belgilanadi, balki, atmosferadagi jarayonlarning o‘zgarishini ham ifodalashi mumkin. Xususan, ob-havo holatini belgilab beruvchi 15 ta sinoptik jarayonlar bor. Ana shu sinoptik jarayonlarni Markaziy Osiyo hududiga kirib kelishi, tartibi, qancha muddat davom etishi va qanday ob-havoni o‘zi bilan olib kelishi mumkinligi haqida belgilangan qonuniyatlar bor. Iqlim o‘zgarishi hozirgi aytilgan sinoptik jarayonlarning turlarini buzib yubormoqda va shu hisobdan bizda ob-havoning keskin o‘garishi kuzatilmoqda. Birdan kun isib ketishi yoki birdan sovib ketishi kabi holatlarni aytishimiz mumkin. Mana shu hafta oxirida kutilayotgan sovuq va nam ob-havo massalari Volgabo‘yi va Rossiyaning yevropa hududlarida shakllangan holda  bizga 13-14-mart kunlari  kelmoqda.

R.B: ― O‘zbekistonda Navro‘z bayrami arafasida qanday ob-havo kutilyapti?

D.T: ― Gidrometerologiya xizmati markazi tomonidan ob-havo prognozlari 6 kungacha bo‘lgan muddatda rasmiy ravishda tayyorlab boriladi. Men aytishim mumkinki, 18 mart sanasiga yog‘ingarchilik kutilmayapti, havo ochiq bo‘ladi. 19-20 mart sanalarida nisbatan nam havo oqimlari kirib kelishi kutilmoqda. Yuqorida aytganimdek mart oyi bu beqaror ob-havo bilan boshqa oylardan keskin ajralib turadi. Ob-havo holatinining 3 kunlik prognozini bergan taqdirimizda ham uchinchi kundagi ob-havo o‘zini oqlash ehtimoli kamayib ketadi. Ob-havo holati o‘zgarish xususiyatiga ega. Biz 6 kunlik prognoz bergan bo‘lsak bu doim o‘zini oqlab bormoqda. Uzoq muddatli prognoz tayorlash judayam qiyin va murakkab jarayon.

R.B: ― Yoz oylarida shunday holatlar bo‘ladiki, uyimizdagi termometr boshqa haroratni, Gidrometeorologiya xizmati esa umuman boshqa haroratni aytishadi. Bu esa o‘z navbatida xalq orasida Gidrometeorologiya xizmati xodimlari haroratni pasaytirib aytmoqda, degan tushunchani ham keltirib chiqaradi?

D.T: ― Judayam muhim savol berdingiz. Bu borada ko‘p murojaatlar qabul qilganmiz. Masalan, siz aytyapsiz uyimizdagi termometr boshqacha ko‘rsatadi deb. Shu o‘rinda sizga savol, u termometr qayerda turadi? U termometrni biror joyga osib qo‘yasiz. Havo harorati aslida ikki metr balandlikda, maxsus shkafchani ichida joylashgan nam va quruq termometrlardan olingan harorat bo‘yicha beriladi. Bu narsa Butunjahon gidrometeorologiya tashkiloti tomonidan belgilab qo‘yilgan xalqaro norma asosida bajariladi. Uyingizdagi termometrga esa ta’sir qiluvchi omillar ko‘p. Masalan, yerning harorati yoki shiftning tagiga qo‘yilgan bo‘lsa, uning harorati ta’siri.

R.B: ― Ijtimoiy tarmoqlarda kuzatdikki, o‘tgan yili kuchli shamol hattoki uylarning tomini ham uchirib ketdi. Gidrometeorologiya xizmati xodimlari mana shu holatni oldindan qayd etganmidi?

D.T: ― Bilasizmi, O‘zgidromet xizmati xodimlari tomonidan kuzatishlar olib boriladigan maxsus meteorologik stansiyalarimiz, kuzatish punktlarimiz bor. Bu tabiat hodisasi shunaqangi jarayonki, bir joyda kuzatilsa, birida kuzatilmaydi. Siz aytib o‘tgan holat “lokalniy” shamol deb ataladi. Ya’ni kichik bir hududda issiq va sovuq havo massalari bir birini siqib qo‘yishi oqibatida shakllanadigan shamol oqimi hisoblanadi. Bu faqatgina kichik hududni qamrab oladi. Afsuski, bunday kichik hududda bizning meteorologik stansiyalarimiz mavjud emas. Hududlardagi bunday holatlarni aniq prognoz qilish uchun kichik Gidrometeorologik punktlar soni ko‘payishi kerak. Bizda hozir 320 dan ortiq kuzatish punktlari bo‘lsa, ayni damda bu punktlar sonini tasdiqlangan dastur asosida kengaytirib boryapmiz. Punktlar soni ko‘paytirilishi natijasida siz aytib o‘tgan holatlarda, ya’ni kichik hududlarda bo‘ladigan kuchli shamol kabi hodisalarni oldindan prognozlashga imkon tug‘iladi.

Ro‘zimurod Berdiyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

187

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing