Mart oyida dollar nega qimmatlamadi? Markaziy bank raisi javob berdi
Jamiyat
−
15 aprel 2020
5820Mart oyi o‘rtalaridan O‘zbekistonning asosiy savdo sheriklarida milliy valyuta qadrsizlanib, dollar kursi ko‘tarilgan bir vaqtda so‘m dollarga nisbatan qadrsizlanmadi. Bu holat ko‘pchilikni qiziqtirdi. Bugun, 15 aprelda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov brifing vaqtida buning sababini ochiqladi.
Mamarizo Nurmuratovning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy bank dollar kursini ushlab turish uchun aholining oshayotgan talabini neytrallikni buzgan holda bozorga qo‘shimcha valyuta kiritish orqali qondirgan. Ammo aholining valyutaga talabi hamon oshyapti va MB endi neytrallik prinsipini tiklashga qaror qilgan.
“Nisbatan ko‘p miqdordagi valyutaga bo‘lgan talab Markaziy bank tomonidan ma’lum jihatdan neytrallik prinsipini buzgan holda qo‘shimcha valyuta sotish hisobiga qondirib kelingan edi. Kuni kecha bo‘lib o‘tgan boshqaruv yig‘ilishida biz neytrallik prinsipini doimo saqlab qolish va faoliyatimizni shu tarzda davom ettirish haqida qarorga kelgan edik. Bu valyuta bozorida o‘z ta’sirini ko‘rsatdi”, dedi Mamarizo Nurmuratov.
Avvalroq, Markaziy bank raisi mamlakatda valyuta kursiga Hukumat ta’sir o‘tkazmayotgani, ichki bozordagi muhit talab va taklifdan kelib chiqib shakllanayotganini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi