Markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti xizmatlari tariflari nega ikki xil aytildi?
Jamiyat
−
13 Oktabr 2020
6838Keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun 1 kv.m isitiladigan maydon hisobidagi tariflar masalasi turlicha talqin qilinmoqda. Xususan, “Toshissiqlikquvati” DUK poytaxtda 1 kv. m. maydonni isitish uchun 142 so‘m haq to‘lanishini ma’lum qildi. Ammo Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida 1 kv.m isitiladigan maydon uchun tarif 143, 67 so‘m ekani ma’lum qilingandi.
O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi mazkur masalada o‘z munosabatini bildirdi.
Vazirlik avvalo O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 2 dekabrdagi “Issiqlik ta’minoti tizimini takomillashtirish va issiqlik ta’minoti korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori bilan 2020-2021 yillar isitish mavsumidan boshlab markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun iste’molchilar bilan hisob-kitoblar isitish davrining har bir kuniga 1 kv.m isitiladigan maydon hisobida to‘lash tizimiga o‘tkazilganini eslatgan.
“Isitish davrining har bir kuniga 1 kv.m isitiladigan maydon hisobida to‘lash tizimi issiqlik ta’minoti uchun tariflarni oshirilishini nazarda tutmaydi, faqat to‘lovlarni amalga oshirish tartibi o‘zgartirilmoqda”, deyilad xabarda.
Joriy yilning 9 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar Agentligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida 1 kv.m isitiladigan maydon uchun aytib o‘tilgan 143, 67 so‘m tarif miqdori bu respublika bo‘yicha shartli ravishda issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun talab qilinadigan o‘rtacha tarif hisoblanadi.
Markaziy isitish ta’minoti uchun issiqlik energiyasining solishtirma iste’moli har bir hudud uchun alohida hisoblanganligi uchun har bir hududda tariflar ham alohida belgilanadi (chunki ishlab chiqarish xarajatlari, shuningdek, issitish tizimida foydalaniladigan sovuq suv tariflarining hududlar kesimida turli belgilanganligi bois, issiqlik energiyasining tannarxi ham xududlar kesimida har xil). Bir yil davomida to‘lovlarni amalga oshirish tizimida ham aholi uchun bir oyda 1 kv.m isitish maydoniga tariflar hududlar bo‘yicha alohida belgilangan. Misol uchun bir oyda 1 kv.m. isitish maydoni uchun Toshkent shahrida tarif 1772 so‘m bo‘lsa, Xorazm viloyatida tarif 2254 so‘mni, Buxoro viloyatida 1472 so‘mni tashkil etgan.
Shuning uchun, isitish davrining har bir kuniga 1 kv.m isitiladigan maydon hisobida to‘lash tizimida ham hududlar bo‘yicha turli tariflar kelib chiqmoqda.
Bunda, amaldagi bir yil davomida to‘lovlar miqdorini isitish davrining har bir kuniga 1 kv.m isitiladigan maydon hisobidan qayta hisoblash natijasida tariflar aniqlanmoqda.
Shu bois, “Toshissiqlikquvati” DUKning hisob-kitoblariga ko‘ra Toshkent shahrida Isitish davrining har bir kuniga 1 kv.m isitiladigan maydon uchun 142 so‘m tarif belgilangan.
Shu tartibda respublikaning markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimi mavjud bo‘lgan boshqa hududlarda ham isitish davrining har bir kuniga 1 kv.m isitiladigan maydon uchun tarif miqdori avvalgidek saqlanib qoladi, faqat to‘lov tartibi kunlik hisob yuritish tizimiga o‘tkaziladi.
LiveBarchasi