Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan ferromolibden ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi

Biznes

image

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining Nodir metallar va qattiq qotishmalar ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasida ilk bor ferromolibden ishlab chiqarish texnologiyasi joriy etildi va to‘liq ishga tushirildi. Bunda ferromolibden mahsuloti ishlab chiqarishda paydo bo‘ladigan molibden tarkibli chiqindilarni qayta ishlash asosida olinmoqda. 

Ferromolibden 50-70 foiz molibdenni o‘z ichiga olgan qotishma bo‘lib, zanglamaydigan va issiqqa chidamli rangli metallarning og‘ir qotishmalari, maxsus turdagi po‘latlarni ishlab chiqarishda ishlatiladi. Quyma temirga qo‘shilganda uning mustahkamligini oshiradi. 

Ferromolibden qo‘shimchalari po‘latning xususiyatlarini sezilarli darajada yaxshilab, nozik kristalli tarkibning bir xilligi, qizib ketishga qarshiligi va qattiqligi, shuningdek, metallarning kislotaga bardoshliligini oshiradi. 

Dunyo tajribasida ferromolibden qum asosiga o‘rnatilgan eritish moslamasida, kuygan molibden konsentratidan molibdenni metall qaytaruvchi vosita bilan aralashmada yuklash va eritish orqali metallotermik usul orqali olinadi. Ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasida esa yangi texnologiya joriy etilib, ferromolibdenni kukun holatida ishlab chiqarish orqali uning yuqori sifatli bo‘lishiga erishildi. 

Buning asosida oyiga 2000 kg ferromolibden ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, 5 ming 500 kg hajmda Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga yetkazib berildi. Bugungi kunda ichki va tashqi bozorlar, jumladan Yaponiya, Koreya Respublikasi, Germaniya, Xitoy, Qozog‘iston va Qirg‘iz Respublikasi bozorlari o‘rganilmoqda.

Ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasini 2030 yilga qadar rivojlantirish dasturiga muvofiq, 2025 yilga kelib 170 mlrd so‘m qiymatda ferromolibden mahsulotini ishlab chiqarish rejalashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing