Markaziy Osiyoda qurg‘oqchilik: qirg‘izlar O‘zbekistonni ayblamoqda. Qozog‘istonda otlar o‘lyapti

Tahlil

image

Ma’lumki, Markaziy Osiyo mintaqasiga beshta davlat (O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston) kiradi. Ushbu davlatlar iqtisodiyoti qishloq xo‘jaligiga asoslangan. Shu sababli mintaqa hayotida suv muhim rol o‘ynaydi.

Suv masalasi ko‘tarilganda ushbu 5 ta mamlakat shartli ravishda ikki guruhga bo‘linadi. Birinchi guruhga geografik nuqtayi nazaridan daryoning boshida joylashgan Qirg‘iziston va Tojikiston kiradi. Ushbu ikki davlat Amudaryo va Sirdaryoning asosiy suv zaxiralariga egalik qiladi. Ikkinchi guruhga esa Amudaryo va Sirdaryoning quyi oqimida joylashgan Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmaniston kiradi. 

Har ikki guruhga ham suv kerak, ham elektr energiyasi kerak. Tabiiyki, mintaqaning suv manbalari yuqorida joylashgan davlatlar ixtiyorida. Tojikiston va Qirg‘iziston — mintaqa suvini nazorat qiluvchi davlatlar energiya ta’minotiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun daryo bo‘ylarida gidroelektr stansiyalar qurgan. Ularning ishlashi uchun yozning ayni jazirama issig‘ida suv daryoning quyi oqimida joylashgan davlatlarga berilmasligi va aksincha, suv omborlarida saqlanishi kerak.

Foto: Qirg‘izistondagi To‘qtag‘ul gidro elektrostansiyasi

Quyiroqda joylashgan O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston qishloq xo‘jaligida esa yozga kelib suvga bo‘lgan talab o‘tkir muammoga aylanadi. Bu mavsum ham istisno bo‘lmayapti. Jumladan, Turkmaniston, Qozog‘iston va hatto, daryoning boshida joylashgan Qirg‘izistonning o‘zida ham qurg‘oqchilik mahalliy aholi va fermer xo‘jaliklarini qiynamoqda, chorva va ekinlar nobud bo‘lmoqda.

“Xronika Turkmenistana” nashrining yozishicha, Turkmanistonda qurg‘oqchilik va g‘ayritabiiy issiq ob-havo yaylovlarning qurib qolishiga hamda chorva mollari uchun ozuqaning kamayishiga olib kelgan.

Ma’lum qilinishicha, mamlakatning Ahal hamda Toshhovuz viloyatlarida chorvadorlar qo‘y-qo‘zilarni boqishga qiynalmoqda. Bunga asosan, qurg‘oqchilik va uning ortidan kelib chiqqan ozuqa yetishmasligi sabab bo‘lgan. Cho‘ponlar ko‘pincha, qo‘y-qo‘zisini o‘z narxidan ancha arzonroqqa sotishga majbur bo‘lmoqda.

Suvsizlik va qurg‘oqchilik bilan bog‘liq muammo mintaqaning shimolida joylashgan boshqa bir Respublikasi — Qozog‘istonda ham kuzatilmoqda. “Kazgidromet”ning xabar berishicha, iyun oyida mamlakatning katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shuningdek, Aqtobe, Oqmo‘la, Mang‘istov viloyatlarida hamda Sharqiy Qozog‘istonda kuchli qurg‘oqchilik bo‘lishi haqida xabar berilgan. 

Bu Qozog‘istonda chilla arafasida uchraydigan yozga xos odatiy qurg‘oqchilik emas. Bungacha, aniqrog‘i, may oyida ham mamlakatning Mang‘istov viloyatida suvsizlik oqibatida 1100 ot o‘lgandi. Bundan tashqari, Internetning qozoq segmentida mahalliy fermerlar qurg‘oqchilik oqibatida o‘z chorvalarini karton qog‘ozlari bilan boqayotgani aks etgan videolavhalar tarqalgan.

Yuqorida qayd etganimizdek, Qirg‘iziston suv boshida joylashgan davlat hisoblanadi. Biroq ushbu tabiiy fenomen bu mamlakatni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. Joriy yilning 14 iyun kuni Bishkekda mahalliy fermerlar mitingga chiqqan. Bunga ekin maydonlariga suv yetib bormayotgani sabab bo‘lgan. Namoyishchilar suv resurslari to‘g‘ri taqsimlanishini talab qilgan.

“Agar suv bo‘lmasa, biz hosilni yo‘qotamiz. Arpa, bug‘doy barchasi qurib bityapti. Biz ularni ekish uchun kredit olgandik. Endi nima bo‘ladi?”, deydi mitingga yig‘ilganlardan biri.

Foto: Suv yetishmasligi tufayli Bishkekda yig‘ilganlar

Mahalliy OAVda mamlakat ekin maydonlarida suv taqchillikning kelib chiqishi Qirg‘iziston tomonining qo‘shni O‘zbekiston va Qozog‘istonga suv berayotgani bilan izohlanmoqda. Poytaxt Bishkek shahriga yig‘ilganlar ham aynan shundan norozi. Hukumat suvga bo‘lgan ichki ta’minotni buzgan holda qo‘shni davlatlarga suv berayotgani va buning ortidan mahalliy fermerlarning kasotga uchrayotgani ko‘pchilik qirg‘izistonliklarda savol uyg‘otgan.

Bu savolning javobi esa mamlakatning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji bilan bog‘liq. Qirg‘iziston “Elektr stansiyalari” OAJning ma’lum qilishicha, Qirg‘iziston Qozog‘iston va O‘zbekiston tomonidan beriladigan 1 mlrd 650 million kv/soat miqdoridagi elektr energiyasi uchun 2023 yilga qadar yoz faslida ushbu mamlakatlarga mos miqdorda suv beradi.

Xulosa o‘rnida qayd etish kerakki, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda eng ko‘p aholiga (34 milliondan ortiq) ega davlat hisoblanadi. Ko‘rib turganimizdek, allaqachon, ushbu mintaqada qurg‘oqchilik muammosi keskinlashgan. Suv yetishmasligi nafaqat O‘zbekistonning diqqati markazida turgan masala, balki ushbu muammo “buloq boshida” bo‘lgan Qirg‘iziston va Tojikistonni ham qiyin ahvolga solmoqda. Shunday ekan, qayta tiklanmas bu ne’matni to‘g‘ri yo‘naltirish va taqsimlash O‘zbekiston hukumatining vazifasi bo‘lsa, undan to‘g‘ri foydalanish va isrof qilmaslik har bir o‘zbekistonlikning burchidir.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

2132

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing