Markaziy Osiyoda “derjava”lar raqobati boshlangan. O‘zbekiston qanday yo‘l tutadi?

Jamiyat

image

Bir-biri bilan yaqin aloqalarda bo‘lgan yirik davlatlarning Markaziy Osiyo mintaqasida raqobati boshlangan. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov “Rossiya 24” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Yirik davlatlarning raqobatiga kelsak, realist bo‘lish va bu, allaqachon, boshlanganini tan olish kerak. Bundan tashqari, ushbu raqobat hatto tashqi ko‘rinishidan ancha yaqin, deb hisoblangan davlatlar (taxminan Xitoy va Rossiya nazarda tutilgan – tahr.) o‘rtasida ham bormoqda. Shunga qaramay, bu raqobat mintaqada davom etmoqda. Bunday sharoitda savol tug‘iladi: biz nima qilamiz? Birinchidan, hozir nima qilayotgan bo‘lsak, shuni davom ettiramiz”, deydi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu raqobat yangi “Sovuq urush”ning dastlabki belgilari paydo bo‘lgan sharoitda kuchayib bormoqda. Bu esa mintaqa uchun boshlangan qarama-qarshilikning oqibatlarini yanada kuchaytiradi, chunki dunyodagi vaziyat yanada og‘irlashadi.

“[Yirik davlatlar o‘rtasidagi] raqobat biz uchun noxush siyosiy oqibatlar olib kelishini istamagan bo‘lardik. Ular (raqobatlashayotgan davlatlar nazarada tutilgan – tahr.) bizni bir tomon tufayli boshqa tomon uchun nomaqbul bo‘lgan pozitsiyani tanlashga majbur qiladigan holatga tushirishlariga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bu vazifa jiddiy diplomatik yondashuvni talab qiladi”, deydi u.

Shuningdek, Komilov umuman olganda O‘zbekistonda bu borada tajriba borligini, Markaziy Osiyo o‘zining geostrategik joylashuvi sabab doimo diqqat markazida bo‘lib kelganini ta’kidlagan.

“Biz mojarogo kirishmoqchi emasmiz. Lekin biror bir tomonni (yirik davlatlar nazarda tutilgan – tahr.) tanlashga to‘g‘ri kelsa, biz o‘zimizning milliy manfaatlarimizdan kelib chiqib qaror qabul qilamiz”, deydi Komilov. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

626

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing