Markaziy Osiyo davlatlarida urush qatnashchilariga qanchadan pul beriladi?
Olam
−
03 may 2022
10215O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘iston hukumatlari 9 may arafasida Ulug‘ Vatan urushi qatnashchilariga beriladigan bir martalik to‘lovlar miqdorini e’lon qildi.
O‘zbekiston
9 may arafasida urush qatnashchilari, konslagerlar mahbuslari va Leningrad qamalida bo‘lgan fuqarolarga 15 million so‘mdan beriladi.
Shuningdek, mutasaddilarga, yolg‘iz yashayotgan va o‘zgalar parvarishiga muhtoj odamlardan shaxsan xabar olib, ularga sovg‘a-salomlarni yetkazish, har birining xonadoniga shaxsan borib, pul mukofoti va qimmatbaho sovg‘alarni tantanali ravishda topshirish, 10 ming nafar front ortida mehnat qilgan faxriylar bilan shaxsan uchrashib, holidan xabar olish va sovg‘a-salomlar yetkazish topshirildi.
24 aprel holatiga ko‘ra O‘zbekistonda 236 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi istiqomat qiladi.
Qozog‘iston
Bu yerda to‘lovlar miqdori oluvchining yashash joyiga va uning holatiga bog‘liq. Masalan, Nur-Sulton va Olma-ota shaharlarida yashovchi Ulug‘ Vatan urushi faxriylari 1 million tenge (2229 dollar), Aqto‘bedagilari esa 2 million tenge (4459 dollar) oladi.
9 may arafasida Qozog‘iston aholisiga ham bir martalik to‘lovlar to‘lanadi. Masalan, Olma-otada ular 50 000 dan 100 000 tengegacha (111 dan 222 dollargacha) oladi.
2022 yil 1 aprel holatiga ko‘ra, Qozog‘istonda 387 nafar Ulug‘ Vatan urushi qatnashchisi va nogironi istiqomat qiladi.
Qirg‘iziston
Bu mamlakatda bayram to‘lovlari miqdori 100 ming somni (1209 dollar) tashkil qiladi. Ular Ulug‘ Vatan urushi nogironlari va faxriylariga, konslagerlar, gettolar va boshqa qamoqxonalarning voyaga etmagan sobiq asirlariga, shuningdek, Leningrad blokadasidan omon qolganlarga beriladi.
“Bundan tashqari, 9 mayga qadar yuqoridagi toifadagi shaxslarga har yili 20 ming som (242 AQSH dollari) miqdorida qo‘shimcha bir martalik naqd pul nafaqasi hamda hisoblangan miqdorning olti baravari miqdorida bir martalik naqd pul nafaqasi to‘lanadi”, deyiladi Qirg‘iziston Prezidenti matbuot xizmati xabarida. Bitta hisoblangan ko‘rsatkich 100 so‘mga (1,2 dollar) teng.
2022 yil 1 fevral holatiga ko‘ra, Qirg‘izistonda Ulug‘ Vatan urushi qatnashchilarining umumiy soni 107 nafarni tashkil qiladi.
Turkmaniston
Turkmanistondan hozircha xabar yo‘q. O‘tgan yili urush qatnashchilari, shuningdek, urushda halok bo‘lgan askarlarning bevalariga 200 manat (davlat kursi bo‘yicha 57,1 dollar yoki amaldagi “qora bozor” kursi bo‘yicha taxminan 5 dollar) miqdorida mukofot berilishi va qimmatbaho sovg‘alar taqdim etilishi haqida ma’lumotlar e’lon qilingan edi.
Bundan tashqari, Rossiyadagi 20 320 nafar Ulug‘ Vatan urushi qatnashchisiga G‘alaba kunida 10 000 rubldan (138 dollar) pul beriladi. Ba’zi hududlarda qo‘shimcha nafaqa beriladi. Misol uchun, Moskva va Moskva viloyatida faxriylarning har biri 25 ming rubl miqdorida mukofotlanadi. Vatan mehnatkashlari, urush qatnashchilarining bevalari, sobiq konslager asirlari, “Qamaldagi Leningrad aholisi”, “Qamaldagi Sevastopol aholisi” mukofotlari bilan taqdirlangan shaxslarning har biri 15 ming rubldan oladi. 1931 yil 31 dekabrgacha tug‘ilganlar har biriga 10 ming rubldan to‘lanadi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 9 may Xotira va qadrlash kuni, qolganlarida G‘alaba kuni sifatida nishonlanadi.
LiveBarchasi