Markaziy Osiyo davlatlari yadroviy qurol bo‘yicha qo‘shma bayonot e’lon qildi

Jamiyat

image

Markaziy Osiyo davlatlari Yaqin Sharqda yadroviy quroldan xoli hudud tashkil etish tarafdori ekanini bildirdi. Bu haqda Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligining kecha, 8 sentyabr kuni e’lon qilgan qo‘shma bayonotida ma’lum qilindi.

Bayonot Markaziy Osiyoda yadroviy quroldan xoli hudud tashkil etish to‘g‘risidagi shartnoma imzolanganining 20 yilligi munosabati bilan e’lon qilingan. Unda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonning yadroviy qurolsizlanish hamda yadroviy qurollarning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik borasidagi pozitsiyasi bayon etilgan.

Shuningdek, yadroviy qurollardan foydalanish yoki ularni sinovdan o‘tkazish insoniyat uchun halokatli oqibatlarga olib kelishini ta’kidlagan. Markaziy Osiyo davlatlari Tashqi ishlar vazirlarining fikricha, yadroviy quroldan xoli hududlar tashkil etish yadroviy qurollarning tarqalishining oldini olish va global yadroviy qurolsizlanish jarayonini kuchaytirishning samarali vositalaridan biridir.

Bundan tashqari, qo‘shma bayonotda Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma xalqaro yadroviy xavfsizlik tizimining asosiy huquqiy poydevorlaridan biri ekani qayd etilgan.

Tashqi ishlar vazirlari yadroviy qurolsizlanish bo‘yicha sezilarli yutuqlarga erishilmayotganidan jiddiy xavotir bildirgan. Shuningdek, qurol-yarog‘ nazorati sohasidagi muhim kelishuvlarning bekor qilinayotgani va yadroviy arsenallarni modernizatsiya qilish tendensiyasi xavotirli ekani ta’kidlangan.

Shu sababli ular yadroviy qurollanish poygasining oldini olish uchun yangi va tekshirilishi mumkin bo‘lgan qurol-yarog‘ nazorati mexanizmlarini zudlik bilan ishlab chiqishga chaqirgan.

Bayonotda Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlikning yadroviy dasturlar ustidan kafolatlar va monitoring mexanizmlarini amalga oshirishdagi faoliyati ham qo‘llab-quvvatlangan. Vazirlar yadroviy energiyadan tinch maqsadlarda foydalanish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirish muhimligini qayd etgan.

Markaziy Osiyo davlatlari, shuningdek, Yadroviy sinovlarni har tomonlama taqiqlash to‘g‘risidagi shartnomaning imkon qadar tezroq kuchga kirishini qo‘llab-quvvatlagan. Ular yadroviy sinovlarga qarshi xalqaro me’yorni saqlab qolish va uni yanada mustahkamlash zarurligini ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun, Markaziy Osiyoda yadroviy quroldan xoli hudud tashkil etish to‘g‘risidagi shartnoma g‘oyasi dastlab O‘zbekiston tomonidan 1993 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 48-sessiyasida ilgari surilgan. 2006 yil 8 sentyabr kuni esa Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston Semipalatinsk shahrida Markaziy Osiyoni yadroviy quroldan xoli hududga aylantirish to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing