Markaziy Osiyo davlatlari diplomlarni o‘zaro tan olishi rad etildi
Olam
−
21 noyabr 2025 5590 2 daqiqa
Avvalroq, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston va O‘zbekiston davlatlari tomonidan berilgan ta’lim to‘g‘risidagi diplomlar endilikda ushbu davlatlar hududida to‘g‘ridan to‘g‘ri tan olinishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi. Mazkur holat yuzasidan Bilim va malakalarni baholash agentligi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasida xorijiy davlatlarda berilgan diplomlarni tan olish O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 24 iyuldagi 620-son qarori bilan tasdiqlangan “Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibi haqida”gi nizom talablari asosida amalga oshiriladi. Mazkur nizom bilan O‘zbekiston Respublikasi hududida to‘g‘ridan to‘g‘ri tan olinadigan xorijiy davlatlar tomonidan berilgan ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar toifalari belgilangan.
“Yuqorida keltirilgan ma’lumotlar asossiz bo‘lib, bugungi kunda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston va Qozog‘iston diplomlarini o‘zaro tan olish bo‘yicha xalqaro shartnoma mavjud emas. Mazkur davlatlarda xorijiy davlatlar tomonidan berilgan ta’lim olganlik haqidagi diplomlarni tan olish ularning milliy qonunchiligida belgilangan talablar asosida amalga oshiriladi”, deyiladi xabarda.
Qayd etish joiz, bu haqdagi xabarlar dastlab Qozog‘iston nashrlari tomonidan tarqatildi. Ularda Qozog‘iston hukumati joriy yilning 12 noyabr kuni “Qozog‘iston Respublikasi hukumati, Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Tojikiston Respublikasi hukumati, Turkmaniston hukumati va O‘zbekiston Respublikasi hukumati o‘rtasida oliy ta’lim hujjatlarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitim”ni tasdiqlovchi qarorni imzolagani haqida so‘z boradi. Biroq bu haqdagi kelishuvga qachon va qayerda erishilgani haqida ma’lumot berilmagan.
Live
Barchasi