Markaziy bankning asosiy stavkasi o‘zgarishsiz qoldirildi

Jamiyat

image

Bugun, 26 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda asosiy stavkani yillik 15 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu haqda Markaziy bank Matbuot xizmati xabar berdi.

“Asosiy stavkaning joriy darajasi iqtisodiyotda nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolish uchun yetarli, deb baholanmoqda. Iqtisodiy vaziyatning rivojlanib borishi va fiskal siyosat xususiyatidan kelib chiqib, kelgusi choraklarda talab va taklifni muvozanatlashtirish uchun qo‘shimcha choralar ko‘rish zarurati yuzaga kelishi mumkin”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, 2022 yil yakuni bo‘yicha YAIM o‘sishi Markaziy bankning oktyabr oyidagi prognozlariga mos bo‘lib, 5,7 foizni tashkil etgan.

Joriy yilda fiskal rag‘batlantirishlarning nisbatan muvozanatlashuvi kutiliyotgan bo‘lsada, o‘tgan 3 yilda kuzatilgan yuqori fiskal defitsitning yalpi talabni qo‘llab-quvvatlovchi ta’sirlari saqlanib qolmoqda. Mehnat bozoridagi barqarorlikning saqlanib qolishi, mehnat haqi va transchegaraviy pul o‘tkazmalarining yuqori hajmlari uzoq muddat foydalaniladigan tovarlar va ko‘chmas mulklarga bo‘lgan talabni o‘sishiga va, o‘z navbatida, ushbu bozorlarda narxlarni oshishiga olib kelmoqda.

2022 yil davomida iqtisodiyot tashqi sharoitlarning o‘zgarishiga moslashib bordi. Tashqi iqtisodiy xatarlarning ta’siri qisqa muddatli va dastlabki baholashlarga nisbatan pastroq bo‘lishi hisobiga eksport va transchegaraviy pul o‘tkazmalardan valyuta tushumlarining o‘sishi kuzatildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilda iste’mol tovarlari narxlarining barcha guruhlarida keng qamrovli o‘sish kuzatildi va bu umumiy yillik inflyatsiya darajasining 12,3 foizgacha tezlashishida o‘z aksini topgan. So‘nggi yarim yillikda bazaviy inflyatsiyada ham barqaror o‘sish tendensiyasi kuzatildi va yillik 13,8 foizga yetdi. Bu ishlab chiqaruvchilar narxlari indeksining nisbatan yuqori dinamikasi bilan birga kelgusida inflyatsion bosimlarning yanada ortishi ehtimoli bo‘yicha signal bermoqda. Oxirgi uch oydagi inflyatsion kutilmalardagi o‘sish dinamikasi kelgusida inflyatsion xatarlar yuzaga kelishi ehtimollarini oshirgan.

Makroiqtisodiy rivojlanishning prognozlariga ko‘ra, I chorakda YAIM o‘sishining ma’lum darajada sekinlashishi bo‘yicha ehtimollik yuqori va 2023 yil yakunida iqtisodiyotning 4,5-5 foizga o‘sishi va yillik inflyatsiyaning 8,5-9,5 foiz doirasida shakllanishi prognoz qilinmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, Markaziy bank Boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2023 yil 16 martga belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing