O‘zbekistonda dollar “portladi!” Markaziy bank o‘zini oqlamoqchi
Jamiyat
−
10 avgust 2023
62071O‘zbekistondagi tijorat banklarida dollar kursi 12 ming so‘mlik dovondan oshdi. Bu holat yuzasidan Markaziy bank rasmiy tushuntirish bilan chiqdi.
Qayd etilishicha, asosiy savdo-hamkor davlatlar milliy valyutalarining sezilarli qadrsizlanishi tashqi savdo va pul o‘tkazmalari kanali orqali so‘mning real samarali almashuv kursining mustahkamlanishiga olib kelgan.
Bu o‘z navbatida, eksport va pul o‘tkazmalari tushumlari kanallari orqali mamlakatga valyuta kirishi va ichki valyuta bozoridagi taklif hajmiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Oqibatda ichki valyuta bozorida so‘m almashuv kursi devalvatsiyasi sur’atining biroz tezlashishi – fundamental omillar ta’sirida to‘g‘rilanishi kuzatildi.
“Markaziy bank kelgusida almashuv kursining keskin qadrsizlanishi oldini olish bo‘yicha yetarli instrumentlarga ega bo‘lib, zarur hollarda qo‘shimcha intervensiyalar amalga oshirish orqali tebranishlar yumshatib boriladi”, deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, mazkur to‘g‘rilanish real samarali almashuv kursning uzoq muddatli trendiga qaytishiga olib keladi va muvozanatli kurs valyuta tushumlarini oshirish orqali bozorda taklif o‘sishiga xizmat qiladi. Real samarali almashuv kursi yil oxirigacha va o‘rta muddatli istiqbolda nisbatan barqaror bo‘ladi.