Marg‘ilonda 100 yillik masjid buzildi. Viloyat hokimligi izoh berdi
Jamiyat
−
20 Oktabr 2021
8791Ijtimoiy tarmoqlarda Marg‘ilon shahridagi “Xo‘ja Porso” masjidining tarixiy binosi buzilib, o‘rniga yangi masjid binosi qad rostlayotgani bilan bog‘liq tanqidiy ruhdagi materiallar e’lon qilindi. Ushbu holat yuzasidan olib borilgan o‘rganish natijasida Farg‘ona viloyati hokimligi quyidagilarni ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, ijtimoiy tarmoqlarda qayd etilganidek masjid binosi 1869 yilda emas, balki 1918 yilda xom g‘ishtdan barpo etilgan. 2019 yilda masjid ma’muriyati quyidagi sabablar tufayli texnik ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha qurilish sohasida nazorat organlariga murojaat yo‘llangan:
• bino devorlari yorilgan;
• poydevorning cho‘kib ketgani kuzatilgan;
• bino tomining ibodat paytida qulab tushish xavfi paydo bo‘lgan.
2019 yil noyabrda olib borilgan texnik ekspertiza davomida binosining konstruktiv va tuzilmaviy yechimlari me’yoriy xavfsizlik talablariga javob bermasligi, xom g‘ishtdan qurilgan binoning devorlar konstruksiyasida hamda poydevorda cho‘kish yoki yorilishlar mavjudligi, namlik ta’sirida devorning uqalanishi boshlaganligi, “yuk ko‘taruvchi va to‘siq konstruksiyalar” me’yoriy hujjatlari talablariga umuman mos kelmay qolganligi aniqlangan.
“Texnik jihatdan binoni restavratsiya yoki rekonstruksiya qilish imkoniyatlari yo‘qligi sababli, buzib qayta qurish bo‘yicha loyiha ishlab chiqilgan hamda mas’ul idoralar ekspertlari xulosasi olingan. Bugungi kunda eski masjid o‘rnida 1500 o‘rinli bo‘lgan barcha qulayliklarga ega zamonaviy yangi masjid binosi qad rostlamoqda”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, eski masjid peshtoqidagi yog‘och o‘ymakorlik naqshlari restavratorlar tomonidan doimiy amaliyot usulida raqamlar bilan belgilanib ko‘chirib olingan hamda saqlash uchun olib qo‘yilgan. Yangi masjid binosining ayvoni ayni o‘lchamlarda barpo etilmoqda, uning peshtoqiga eski masjiddan ko‘chirib olingan naqshlar o‘rnatiladi.
LiveBarchasi