Marhum muftiy Usmonxon Alimov qanday vasiyat qoldirgandi?

Jamiyat

image

Rustam hoji Jamilov Marhum muftiy Usmonxon Alimov qanday vasiyat qoldirganini ochiqladi. Bu haqda Musulmonlar idorasi Matubot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Usmonxon Alimov vafotidan avval o‘zi tug‘ilib o‘sgan Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi “Eshoni Temirxon To‘ra” masjidi yonidagi qabristonga vaqti kelib dafn etilishini so‘ragan. Marhum muftiyning otasi ham o‘sha qabristonga qo‘yilgan.

“O‘zlari tug‘ilib o‘sgan Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi “Eshoni Temirxon To‘ra” jome masjidini qayta ta’mirlab, yonidagi qabristonni ham obod qilganimizdan so‘ng, meni yonlariga chaqirdilar. O‘shanda dadalarining qabrlari oldidagi joyni ko‘rsatib: “Bolam, meni vaqti kelib shu yerga dafn etinglar. Bu senga vasiyatim”, deb tayinlagandilar”, deya qayd etgan Rustam hoji Jamilov.

Hoji Jamilovning so‘zlariga ko‘ra, hammasi Usmonxon Alimov vasiyat qilgandek amalga oshirilgan.

“Ha, hammasini sezgan ekanlar. Shu masjidni ta’mirlayotganimizda ham “Tez-tez ishni tugatinglar”, deganlari hamon qulog‘imda. Betob bo‘lganlarida yonlarida turib, vafotlaridan so‘ng, u kishini olib kelib, o‘zlari ko‘rsatgan yerga, ya’ni dadalarining yonlariga dafn etdik – vasiyatlarini bajardik”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov 71 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Bungacha Usmonxon Alimov o‘pka va qon-tomir kasalliklari, xususan o‘pka pnevmoniyasi bo‘yicha Moskvadagi shifoxonada davolanayotgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

2240

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing