“Manchester Yunayted” yana mag‘lubiyatga uchradi: APLda tur tafsilotlari qanday?
Sport
−
10:18 1033 3 daqiqa
Kecha, 21 dekabr kuni Angliya Primer-ligasining 17-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Bu turda peshqadam “Arsenal” “Everton” ustidan kichik hisobda g‘alaba qozongan bo‘lsa, “Manchester Citi” o‘z maydonida “Vest Xem”ni yirik hisobda mag‘lub etdi. Ruben Amorim shogirdlari esa “Aston Villa”ga kichik hisobda mag‘lubiyatga uchradi.
“Bornmut” 1:1 “Byornli”
Uchrashuv qarama-qarshi hujumlarga boy bo‘lib o‘tdi. Dastlab Antuan Semenoning goli evaziga “Bornmut“ hisobda ustunlikka erishdi, ammo Armando Broyaning goli oxirida “Byornli“ga bir ochko keltirdi.
“Nyukasl Yunayted” 2:2 “Chelsi”
Turning eng markaziy uchrashuvida maydon egalari o‘yinni jadal boshlab, birinchi bo‘limda ustunlikka erishdi. Ikkinchi taymda esa “Chelsi” tashabbusni qo‘lga olib, durang natijasiga erishdi.
“Manchester Siti” 3:0 “Vest Xem”
Pep Gvardiola shogirdlari to‘liq ustunlik bilan “Vest Xem”ni yirik hisobda mag‘lub etdi. O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov uchrashuvning 67-daqiqasida zaxiradan maydonga tushdi.
“Brayton” 0:0 “Sanderlend”
Angliya Primer-ligasida kamdan-kam kuzatiladigan holat sodir bo‘ldi: jamoalar golsiz durang qayd etdi va har biri bir ochkodan oldi.
“Vulverxempton” 0:2 “Brentford”
Mehmonlar imkoniyatlardan samarali foydalanib, safardan muhim 3 ochko qo‘lga kiritdi. Kin Uilyam Luis-Potterning dubli “Brentford”ga g‘alabani ta’minladi.
“Tottenxem” 1:2 “Liverpul”
Londonda turning markaziy bahsi bo‘lib o‘tdi. Tomas Frank shogirdlari so‘ngi paytlarda ishonchli o‘ynay olmadi. “Liverpul” uchun Isak va Ekitikening gollari g‘alabani ta’minladi, “Tottenxem” safidagi yagona gol Risharlison tomonidan kiritildi.
“Everton” 0:1 “Arsenal”
Uchrashuv oldidan ma’lum muddatdan keyin ikkinchi o‘ringa tushib qolgan “Arsenal“ safarda irodali o‘yin ko‘rsatib, muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi. O‘yin taqdirini Viktor Gyorkereshning penaltidan kiritgan yagona gol hal qildi.
“Lids Yunayted” 4:1 “Kristal Pelas”
“Lids Yunayted” o‘z maydonida juda samarali o‘ynab, “Kristal Pelas”ni yirik hisobda mag‘lub etdi. Bu g‘alaba bilan “Lids” turnir jadvalining xavfli zonasidan biroz uzoqlashib, 16-o‘ringa ko‘tarildi.
“Aston Villa” 2:1 “Manchester Yunayted”
“Manchester Yunayted” safarda “Aston Villa” to‘sig‘idan o‘ta olmadi. Unai Emeri shogirdlari Morgan Rojersning dubli evaziga ketma-ket 10-g‘alabaga erishdi.
“Fulxem” – “Nottingem Forest”
Bu uchrashuv 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan va natijasi hali aniqlanmagan.
Ma’lumot uchun, yakuniga yetgan tur uchrashuvlaridan so‘ng “Arsenal” 39 ochko bilan turnir jadvalida yetakchilik qilmoqda. “Manchester Citi” 37 ochko bilan 2, “Aston Villa” esa 36 ochko bilan 3-pog‘onada bormoqda. Navbatdagi tur uchrashuvlari joriy yilning 26 dekabr kunidan boshlanadi.