Mamlakatning energo mustaqilligini ta’minlash uchun barcha manbalardan foydalanilyapti – Prezident Administratsiyasi
Jamiyat
−
17 mart 2023
4799“Katta Andijon” kanalida 23 Megavattli 3 ta hamda To‘palang daryosida 16 Megavattli bitta GES qurilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda bugun, 17 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish bo‘yicha vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilishda so‘z borgan.
Prezident Matbuot xizmatining yozishicha, mamlakatning energetika mustaqilligini ta’minlash maqsadida barcha manbalardan foydalanilmoqda. Jumladan, bunda gidroenergetika salohiyati katta o‘ringa ega. Yana bir muhim tomoni, bunday stansiyalarda kunu tun barqaror energiya olish mumkin.
“So‘nggi yillarda 15 ta yangi gidro elektr stansiya ishga tushirilgani, 12 tasi modernizatsiya qilingani natijasida qo‘shimcha 260 Megavattli quvvatlar yaratildi. Bugungi kunda gidroenergetika quvvatlari 2,1 ming Megavattga yetib, yiliga 6,5 milliard kilovatt-soat elektr ishlab chiqarilmoqda.
Shu bilan birga, gidroenergiya quvvatlarini 1 ming Megavattga oshirish, xususiy sektor ishtirokida 38 Megavattli 58 ta mikro GES qurish imkoniyati hisob-kitob qilingan”, deyiladi xabarda.
Yig‘ilishda shu borada amalga oshirayotgan ishlar to‘g‘risida hisobot berilgan. Bu yil “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan kamida 7 milliard kilovatt-soat elektr ishlab chiqarilishi ma’lum qilingan.
Mutasaddilarga Pskom, Norin, To‘palang daryolarida aniqlangan maydonlarda 36 ta o‘rta va yirik gidro elektr stansiyalarni loyihalashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.
Qayd etilishicha, xususiy sektor ishtirokida 9 Megavattli 26 ta mikro GES barpo etiladi.
“Katta Andijon” kanalida 23 Megavattli 3 ta hamda To‘palang daryosida 16 Megavattli bitta GES qurish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqilgan.
Joriy yilda tadbirkorlar, ijtimoiy soha va aholi xonadonlarida 1,7 ming Megavatt quyosh panellari o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Viloyatlarda bu bo‘yicha faol ish boshlangan.
Xususan, qisqa vaqtda ijtimoiy sohada 62 Megavatt, tadbirkorlar tomonidan 23 Megavatt, aholi xonadonlarida 20 Megavatt quyosh panellari o‘rnatilgani qayd etilgan.
Yig‘ilishda bu boradagi ishlarni jadallashtirish, “yashil energiya”ni rivojlantirish bo‘yicha tadbirkorlarning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash zarurligi ta’kidlangan.
LiveBarchasi