Shahzodalarni “ilintirgan” ayollar

Tahlil

Qirollik oila a’zolarining turmush tarzi hamma uchun birdek qiziq. Zolushka-yu, Oppog‘oylarni ko‘rib katta bo‘lgan har bir qiz hech qursa bir marotaba shahzodani uchratib qolish va unga turmushga chiqishni orzu qilgan. Real hayot qonun-qoidalariga ko‘ra esa shahzodalar qirollik oilasining boshqa bir vakilasi bilan turmush quradi. Ammo qoidalar buzish uchun yaratilgan, degan naqlga amal qiladigan, o‘z sevgisi uchun kurashadigan shahzodalar ham yo‘q emas. Bugun qirollik a’zosi bilan turmush qurib, oddiy hayot tarzidan zodagonlar orasiga kirib borgan ayollar haqida gaplashamiz. 

Buyuk Britaniya valiahd shahzodasi Uilyam va uning rafiqasi Keyt Middlton ertakni eslatuvchi sevgi qissasi bilan mashhur. Ikki yosh 2001 yilda universitetda birga o‘qiydi. Dastavval shahzoda va oddiy talaba qiz o‘rtasida yaxshi do‘stlik aloqalari o‘rnatiladi. Chuqurroq munosabatlar esa oradan bir yil o‘tib moda namoyishi sabab boshlangan. Keyt chiqish paytida 40 dollarlik shaffof libosda ko‘rinish beradi. Shu kuni shahzoda Uilyam ham tomoshabinlar orasida edi. Bu voqea ularning munosabatlarini o‘zgartiradi va 2010 yilda unashtiruv bilan mustahkamlanadi. Shahzoda Uilyam Keniyadagi dam olish vaqtida onasining yoqut ko‘zli uzugi bilan Keytning qo‘lini so‘raydi va 2011 yilda dabdabali to‘y bo‘lib o‘tadi. Bu 34 million dollar pul sarflangan tarixdagi eng dabdabali to‘ylardan biri bo‘lgan. To‘yni butun dunyo bo‘ylab 3 milliard odam tomosha qilgan. O‘sha kuni juftlik Kembrij gersogi va gersoginyasi rasmiy unvonlarini olgan.

Shahzodalar san’at sohasi vakilalarini yoqtiradi, chamamda, ular ko‘p hollarda aktrisalar va jurnalistlarga oshiq bo‘ladi. Yuqorida aytib o‘tganimiz Keyt Middlton ham san’at tarixi diplomini olgan. Shuningdek, Uilyamning ukasi shahzoda Garri ham aktrisa Megan Marklga uylangan. Turmush qurishdan avval Megan taniqli aktrisa bo‘lgan. U qora tanli hamda birinchi turmushidan ajrashgandi. Buning ustiga, shahzodadan 3 yoshga katta edi. Shu sababli ham Shahzoda Garri katta qarshiliklarga duchor bo‘ldi. Xususan, uning oila a’zolari qora tanli ayolni qabul qilishni istamagan. Ammo 2017 yilda u buvisi Yelizaveta II ni rozi qilishga muvaffaq bo‘ldi hamda dabdabali to‘y marosimi 2018 yilda bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng ham noroziliklar tinmadi. Xususan, mamlakat aholisi yangi malikani iliq kutib olmadi. Garrining otasi Qirol Charlz III esa o‘g‘lidan onasi Yelizavetta II ning dafn marosimiga Meganni olib kelmaslikni so‘raydi. Shundan so‘ng, 2020 yilda juftlik qirollik unvonlaridan voz kechdi va Amerikaga ko‘chib ketdi.  

Navbatdagi shahzodaning sevgi qissasi esa bundan ham qiziqroq. Ispaniya qiroli Filipp VI o‘z malikasini televizorda ko‘rib sevib qoladi. Gap shundaki, Letisiya Ortis ismli qiz 2002 yilga qadar xalqaro jurnalist sifatida ishlagan. Bo‘lajak qirol esa uni yangiliklar dasturida ko‘radi. So‘ngra jurnalist do‘sti Pedro Erkisiyadan kechki ovqat tashkillashtirishni va unga Letisiyani taklif qilishni so‘raydi. Shu kuni juftlik ko‘rishadi, ammo qiz shahzodaga o‘z raqamini berganiga qaramay, ular bir necha oy uchrashmaydi. Va nihoyat, ushbu sevgi qissasi ham baxtli yakun bilan tugaydi. 2003 yil 1 noyabrda Ispaniya qirollik oilasi shahzodaning Letisiya bilan unashtirilganligini e’lon qilib, mamlakatni larzaga soldi. Ammo bu nikoh hech qachon sodir bo‘lishi mumkin emas edi: chunki Letisiya nafaqat oddiy oila vakili, balki ispan toji uchun voris hisoblangan qirollik qoni bo‘lmagan birinchi ayol edi. Buning ustiga bu jurnalistning ikkinchi turmushi bo‘lgan. Shunga qaramay shahzoda o‘z sevgisi uchun kurashdi va uni Ispaniya qirolichasiga aylantirdi.

Glamur modellikdan malikaga aylanishga nima deysiz? Shvetsiya malikasi Sofiyaning hikoyasi xuddi shunday bo‘lgan. Bir vaqtlar u mashhur glamur model edi. Ammo uning hayoti 2010 yilda Shvetsiya shahzodasi Karl Filipp bilan uchrashuvdan so‘ng o‘zgarib ketdi. Juftlik do‘stlari orqali ko‘rishishdi va to‘rt yillik uchrashib yurishdan so‘ng 2014 yilda unashtirilganligini e’lon qildi. 2015 yilda esa Stokgolmdagi Qirollik saroyi ibodatxonasida dabdabali nikoh marosimi o‘tkazildi. Shunday qilib, yuz yil ichida birinchi marta oddiy Shvetsiya fuqarosi malika bo‘ldi va Sofiya Xellkvist Varmland gersoginyasi unvonini oldi.

Iordaniya qiroli esa Apple xodimasini o‘z rafiqasi sifatida tanlagan. Butun umri davomida Raniya o‘z biznesiga ega bo‘lishni istagan oddiy kitobxon qiz edi. U qirol Abdulla II ga turmushga chiqishidan oldin Apple’da ishlagan. Raniyaning ertagi 1993 yilda yangi hamkasbi uni shahzoda Abdullaning singlisi uyushtirgan kechki ovqatga olib borganida boshlangan. Shu kecha gavjum xonada juftlikning ko‘zlari to‘qnashadi. Keyinroq qirol bergan intervyularidan birida “men buni o‘sha yerdayoq bildim, bu bir qarashda muhabbat edi”, deb eslaydi. Oradan 2 oy o‘tib, Raniya Iordaniya malikasiga aylanadi. Shundan buyon juftlik baxtli hayot kechirmoqda. Qirol Abdulla Iordaniyaning hozirgi kungacha bir martagina turmush qurgan yagona monarxidir. Shuningdek, juftlik katta xayriya tadbirlariga o‘z hissasini qo‘shib keladi.

Sportchi qizlarga ko‘ngil qo‘yadigan shahzodalar ham topiladi. Tasavvur qiling, siz bir mamlakatga musobaqada qatnashish uchun boryapsizu, shahzodani sevib qolib, malikaga aylanyapsiz. Janubiy afrikalik suzuvchi Sharlin Vittstok Monako shahzodasi Albert II ni Olimpiya o‘yinlarida uchratgan. Gap shundaki, shahzoda bolaligidan sportga mehr qo‘ygan. O‘zi ham futbol, suzish va dzyudo bilan shug‘ullangan, besh marta qishki Olimpiya o‘yinlarida bobsleychi sifatida qatnashgan. Ushbu o‘yinlardan birida – 2000 yil u Sharlin Vittstokni uchratadi. Ammo ularning sevgi qissasi oradan naq 6 yil o‘tib, boshqa bir Olimpiya o‘yinlarida boshlangan. Faqatgina 2011 yilga kelib juftlik turmush qurishga qaror qilgan. Boshqa qirollik oilalardan farqli o‘laroq, Sharlin bu oilaga kelin bo‘lgan yagona oddiy odam emas edi. Shahzodaning onasi Greys Kelli ham Gollivud aktrisasi bo‘lgan.  

Oddiy qizlarga uylangan shahzoda-yu qirollarning ro‘yxatini hali uzoq davom ettirish mumkin. Tarix shahzodalarning o‘z sevgilisi uchun taxtdan voz kechgan holatlariga ham ko‘p bor guvoh bo‘lgan. Eng asosiysi, ular orasida ajrashish holatlari juda kam uchraydi. 

Bu videoni oxirigacha ko‘rganlar biz O‘zbekistonda yashaymiz, bu yerda qirol-u shahzodalar yo‘q-ku, deyishingiz mumkin. Ammo har bir ayol o‘z turmush o‘rtog‘i uchun malika, erkak esa qiroldir. Hayotingiz ertaklardagidek chiroyli bo‘lsin.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing