Maktablarda yakuniy imtihonlar qachon boshlanishi ma’lum qilindi
Jamiyat
−
19 may 2021
9291AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati rahbari Laylo Rustamova Respublikadagi maktablarda o‘quv yili yakuni bo‘yicha o‘tkaziladigan imtihonlar muddati va tartibi to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanishicha, joriy yilda barcha umumta’lim maktablarida bosqichli nazorat va yakuniy davlat imtihonlari o‘tkaziladi. O‘tgan 2020 yilda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat tufayli imtihonlar qoldirilgandi.
Imtihonlar o‘quvchilarning sog‘ligini himoyalash va karantin qoidalariga qat’iy rioya etgan holda o‘tkazilishi nazoratga olinadi.
Jumladan, imtihonlar o‘tkazilishidan oldin ta’lim muassasalarida dezinfeksiya ishlari olib boriladi, o‘quvchilar imtihonlarga sanitar-gigiyena qoidalariga rioya etgan holda himoya vositasida (tibbiy niqob) kiritilib, binoga kirishdan avval tibbiy xodimlar tomonidan ularning tana harorati o‘lchalanadi va oraliq masofani saqlashlari ta’minlanadi.
Ma’lum qilinishicha, 26 maydan 2 iyunga qadar 5,6,7,8 va 10-sinf o‘quvchilari uchun bosqichli nazorat imtihonlari, 26 maydan 15 iyunga qadar 9 va 11-sinf bitiruvchilari uchun yakuniy davlat imtihonlari og‘zaki, yozma hamda test sinovlari shaklida o‘tkaziladi.
Har bir maktabda imtihonlar boshlanishidan kamida 10 kun oldin imtixon o‘tkazish jadvali barcha uchun ko‘rinadigan joyiga osib qo‘yiladi.
LiveBarchasi