Maktablar uchun imtiyozli internet tariflari beriladi

Jamiyat

image

Yangi o‘quv yilidan boshlab kichik maktablarda internet tezligi sekundiga 40 Megabit, katta maktablarda esa kamida 100 Megabit bo‘lishi ta’minlanadi, maktablar uchun alohida imtiyozli tariflar tasdiqlanadi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 5 aprel kuni xalq ta’limi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qildi.

Shuningdek, yig‘ilishda namunali o‘quvchining ota-onasiga minnatdorlik xati va sovg‘alar topshirib borishni tizimli yo‘lga qo‘yish kerakligi, har chorakda eng namunali ota-onalarni rag‘batlantirib, ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish muhimligi aytildi.

Viloyat hokimlariga yuqori koeffitsiyentli 120 ta maktabda o‘qish sharoitini yaxshilash bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash topshirildi. Ular 1 avgustga qadar 960 ta maktabni kompyuter sinfi bilan ta’minlash, 740 tasini jihozlash ishlarini yakunlashi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Umuman, 5,5 mingta kompyuter sinflarini yangilash bo‘yicha alohida dastur qabul qilinadi. Bunga respublika byudjetidan 200 milliard so‘m, mahalliy byudjetlardan ham 200 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Mutasaddilarga yangi o‘quv yilidan boshlab kichik maktablarda internet tezligini sekundiga 40 Megabit, katta maktablarda esa kamida 100 Megabit bo‘lishini ta’minlash, maktablar uchun alohida imtiyozli tariflarni tasdiqlash topshirildi.

Bundan tashqari, maktablardagi ma’naviyatchilarga talablarni qayta ko‘rib chiqib, bu lavozimga mahalla va jamoada obro‘si bor kadrlar bilan to‘ldirish kerakligi, maktablarda ilm va san’at vakillari, ziyoli va nuroniylar, ilg‘or tadbirkorlar, klaster va sanoat korxonalari rahbarlari bilan doimiy uchrashuvlarni tashkil qilish muhimligi ta’kidlandi.

Bunga ijtimoiy tarmoqlardagi maktab o‘quvchilari orasida obunachisi eng ko‘p bo‘lgan mashhur san’atkor, sportchi, aktyor, blogerlarni ham faol jalb qilish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

55

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing