Maktablar qurilishi yangi tug‘ilayotgan bolalarga yetib ulgurmayapti – Saida Mirziyoyeva

Jamiyat

image

O‘zbekistonda maktablar qurilishi yangi tug‘ilayotgan bolalarga yetib ulgurmayapti. Hozirda 1 million 200 ming o‘quvchi o‘rniga ehtiyoj bor. Bu haqda Prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva kecha, 21 avgust kuni poytaxtdagi 60-umumta’lim maktabida o‘tkazilgan boshlang‘ich sinflar uchun tayyorlangan zamonaviy darsliklar ko‘rgazmasida so‘z ochdi. 

“Hammamizga ma’lumki, ta’lim sohasida qiladigan ishlar ham, yillar davomida yechimini kutib charchagan muammolar ham, oddiy ichimlik suvidan tortib, isitish moslamalari-yu, sanitar sharoitlari yo‘q maktablar qancha. Afsuski, maktablar qurilishi yangi tug‘ilayotgan bolalarga yetib ulgurmayapti. Hozirda 1 million 200 ming o‘quvchi o‘rniga ehtiyoj bor”, deydi Prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi. 

Uning qayd etishicha, o‘tgan 7 yilda 5 140 ta maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilgan. O‘qituvchilarning oylik maoshlari ko‘tarilgan.  

“Millat paxta qulligidan ozod etildi. O‘qituvchilarni maktabga qaytarish Prezidentimizning armoni va orzusi edi. Bugun o‘qituvchi darsda”, deya alohida urg‘ulagan Saida Mirziyoyeva.

Unga ko‘ra, endi o‘qituvchilarga tajriba, bilim va o‘qitish uchun dasturlar, metodika va darsliklar kerak.

Bildirilishicha, bu yil boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining darsliklari tubdan yangilanyapti. Hozirda 5–11 sinflar uchun darsliklar yaratish ishlari boshlangan. Shu bilan birga yangi metodika asosida Toshkentda 300 nafar ilg‘or pedagog o‘z malakasini oshirgan.

“Umid qilamanki, ustozlarimiz zamonaviy bilim va qo‘nikmalarni qunt bilan o‘zlashtirib, qolgan hamkasblariga ham ularni yetkazishadi”, degan Mirziyoyeva.


Maqola muallifi

Teglar

Saida Mirziyoeva

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing