Maktab jihozlari uchun ajratilgan mablag‘lar talon-toroj qilindi
Jamiyat
−
03 noyabr 2022
6832Toshkent viloyatida qariyb 600 mln so‘m mablag‘ talon-toroj qilingan holat aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departementi xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, Departamentning Angren shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “T.Z.” MCHJ rahbari G.Q. Angren shahridagi maktab-internati direktori V.U. bilan o‘zaro til biriktirib, ushbu maktabga aslida yetkazib berilmagan maktab jihozlarini qabul qilib olganligi to‘g‘risidagi hujjatlarni soxtalashtirgani aniqlangan. Bu orqali esa mas’ullar 474,3 mln so‘mni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
Shunga o‘xshash yana bir holat, Departamentning Chirchiq shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda ma’lum bo‘lgan.
Qayd etilishicha, “T.Z.” MCHJ ish yurituvchisi F.Q., yordamchisi Sh.A. va Chirchiq shahridagi ixtisoslashtirilgan maktab direktori G.M. bilan o‘zaro til biriktirib, ushbu MCHJ tomonidan maktabga aslida yetkazib berilmagan ofis mebellarini qabul qilib olganligi yuzasidan hujjatlarni soxtalashtirish orqali 124,2 mln so‘mni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
"Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov haraktlari o‘tkazilmoqda", deyiladi Departament xabarida.
Shahboz Abdusattorov
LiveBarchasi