Makronning rasmiy tashrifi sabab Samarqandda bir necha ko‘cha yopiladi
Olam
−
01 noyabr 2023
7652Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi sabab ertaga, 2 noyabr kuni Samarqand shahrida bir necha ko‘chalar yopiladi. Bu haqda Samarqand viloyati IIB Matbuot kotibi Jahongir Sa’dullayev ma’lum qildi.
“Samarqand shahrining Ibn Sino, Rudakiy, Bo‘stonsaroy, Motrid, Sadriddin Ayniy, Shoxizinda, Universitet hiyoboni, Registon, Mirzo Ulug‘bek ko‘chalarida, shuningdek, M-39 va M-37 avtomobil yo‘llarining Samarqand shahar, Samarqand, Oqdaryo va Payariq tumanlari hududidan o‘tgan qismlarida avtotransport vositalarining harakati cheklanadi”, deyiladi Sa’dullayevning rasmiy xabarida.
Qo‘shimcha qilinishicha, harakat qatnovi cheklangan ko‘chalarda bemorlar va shoshilinch tez tibbiy yordamga zarurati bor fuqarolarga, shuningdek, favqulodda vaziyatlar xodimlariga istisno tariqasida harakatlanish uchun ruxsat beriladi.
Viloyat IIB Samarqand shahriga Respublikaning boshqa hududlaridan, hamda viloyatning shahar-tumanlaridan borayotgan fuqarolarga 2 noyabr kuni belgilangan rejalarini boshqa kunga ko‘chirishni tavsiya etgan.
Ma’lumot uchun, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron hozirda Qozog‘istonda. U Prezident Qosim-Jomart To‘qayev bilan uchrashgan. Makronning Qozog‘istonga rasmiy tashrifi tugagach, u O‘zbekistonga keladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati Makron 1-2 noyabr kunlari mamlakatga kelishi, Samarqand shahrida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tishini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi