Makron va Starmer Ukraina bo‘yicha rejasini e’lon qildi
Olam
−
11 iyul 3407 2 daqiqa
Kecha, 10 iyul kuni Ukrainada Rossiya havo hujumlari keskin kuchaygan bir paytda G‘arb davlatlari o‘t ochishni to‘xtatishga erishish va urushdan vayron bo‘lgan bu mamlakatni qayta tiklashga tayyorgarlik ko‘rish sa’y-harakatlarini davom ettirdi. Bu haqda “Daily mail” xabar berdi.
Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron “ko‘ngillilar koalitsiyasi” deb ataladigan boshqa davlatlar vakillari bilan videokonferensiya chog‘ida Ukrainaga Yevropa tinchlikparvar missiyasini joylashtirishni rejalashtirish yakunlanganini ma’lum qildi. Makron mumkin bo‘lgan kontingent sonini aytdi – 50 000 askargacha.
Starmerning aytishicha, tinchlikparvar missiya bo‘yicha allaqachon kelishilgan rejalar Rossiya va Ukraina o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitim imzolanganidan keyin “bir necha soat ichida” amalga oshirilishi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tashabbus “yetuk” va “uzoq muddatga mo‘ljallangan”.
Biroq hozircha Rossiya va Ukraina o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish imkonsiz ko‘rinadi.
Kir Starmer, shuningdek, Ukrainaning Yevropadagi 30 ta ittifoqchisini o‘z ichiga olgan “ko‘ngillilar koalitsiyasi” allaqachon Parijda o‘z shtab-kvartirasini ochganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, Kiyevda muvofiqlashtiruvchi markaz tashkil etilishi rejalashtirilgan. Shtab-kvartira Fransiya va Buyuk Britaniya tomonidan boshqariladi, ular barcha taktik va tezkor vazifalarning bajarilishini nazorat qilish uchun javobgar bo‘ladi. Dastlabki o‘n ikki oydan so‘ng, “ko‘ngillilar koalitsiyasi” shtab-kvartirasi Londonga ko‘chiriladi.
Fransiya va Buyuk Britaniya o‘t ochishni to‘xtatishga erishilsa, ular Ukrainaga jo‘natilishi uchun mavjud qo‘shma tezkor kuchlarni kengaytirishni rejalashtirmoqda. Ushbu tashabbus boshqa hamkor davlatlarni ham qamrab oladi. Germaniya esa shu paytgacha ushbu loyihada ishtirok etishdan bosh tortgan.
Starmerning so‘zlariga ko‘ra, G‘arb ittifoqchilari endi asosiy e’tiborni “tinchlikka tayyorgarlik ko‘rish”ga qaratishi kerak. Bunga, uning fikricha, “Putinni muzokaralar stoliga o‘tirishga majburlash” orqali erishish mumkin va buning uchun “muvofiqlashtirilgan bosim” zarur.
O‘z navbatida, Makron ittifoqchilarni “Rossiyaga bosimni kuchaytirishga” chaqirib, “Rossiya iqtisodiyotiga ta’sirini o‘zgartirishi” mumkin bo‘lgan choralar zarurligiga ishora qildi. Makron va Starmer Fransiya rahbarining Buyuk Britaniyaga uch kunlik davlat tashrifining so‘nggi kunida “ko‘ngillilar koalitsiyasi” konferensiyasida ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 10 iyul kuni Rimda bo‘lib o‘tayotgan Ukrainani urushdan keyingi qayta tiklash bo‘yicha 4-xalqaro konferensiya ishtirokchilari Kiyevga yordam berish uchun 10 milliard yevrodan ortiq mablag‘ ajratishga va’da bergandi.
Live
Barchasi