Makron O‘zbekistonga tashrifi yakunida Samarqanddagi tarixiy obidalarni borib ko‘rdi
Jamiyat
−
02 noyabr 2023
5923Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasidagi tadbirlar yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Samarqand shahrining qadimiy obidalari bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, davlat rahbarlari dastlab Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi va muzeyini borib ko‘rgan. Mehmonlar muzeyda Mirzo Ulug‘bek davriga oid ashyolar, kitoblar, qo‘lyozmalar, asl nusxadagi kvadrant asbobini ko‘zdan kechirgan.
Shundan so‘ng Prezidentlar Amir Temur maqbarasiga borgan. Oliy martabali mehmonga buyuk Sohibqironning hayoti, harbiy mahorati, bunyodkorlik ishlari haqida so‘zlab berilgan.
Butun dunyoda Amir Temur shaxsiga va temuriylar merosiga qiziqish katta ekani, jumladan, 1988 yilda Fransiyada Temuriylar tarixi va madaniyatini o‘rganuvchilar assosiatsiyasi tuzilgani qayd etilgan.
Assosiatsiyaning sobiq prezidenti, professor Lyusen Keren Amir Temur va temuriylar davrini ko‘p yillar davomida tadqiq etgani, Fransiya va O‘zbekiston xalqlari yaqinlashishiga katta hissa qo‘shgani uchun O‘zbekistonning “Shuhrat” medali bilan taqdirlangani aytib o‘tilgan.
Aytish joiz, 1996 yilda Parijdagi UNESCO qarorgohida “Temuriylar davrida ilm-fan, madaniyat va maorifning gullab-yashnashi” nomli ko‘rgazma bo‘lgan. O‘tgan yili O‘zbekiston rahbarining Fransiyaga tashrifi doirasida Luvr muzeyida tashkil etilgan “O‘zbekiston vohalarining mo‘’jizalari. Karvon yo‘llari chorrahasida” ko‘rgazmasi tashkil etilgan edi.
Shuningdek, Mirziyoyev va Makron Registon majmuasini ham borib ko‘rgan. U yerda ham mehmonlarga o‘zbek xalqining qadimiy me’morchilik an’analari, peshtoqlardagi naqshlar va ma’nolar haqida so‘zlab berilgan.
So‘ng esa Prezidentlar Shohi Zindaga borgan. Mehmonlar majmua darvozasi va maqbaralar tarixi bilan tanishgan hamda naqshlar nafisligini e’tirof etgan.
“Umuman aytganda, Samarqand obidalari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Samarqanddagi oliy darajadagi muzokaralardan so‘ng, Prezident Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron mamlakatlarni yanada yaqinlashtirish va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga qat’iy intilish belgisi sifatida Samarqanddagi Kongress markazi bog‘ida daraxt ekkandi.
Shuningdek, yetakchilar O‘zbekiston madaniy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma bilan ham tanishgan edi. Ko‘rgazmada O‘zbekistonning 7 ta muzeyidan eksponatlar jamlangan. Mamlakatning qadimiy tarixi va boy madaniyati haqida tasavvur beruvchi nodir ashyolar xronologik ekskursiya tarzida joylashtirilgan.
LiveBarchasi