Makron O‘zbekiston va Qozog‘istondan nima olib ketdi? Tashrifdan asl maqsad nima edi?
Tahlil
−
03 noyabr 2023
11877Joriy haftada Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Markaziy Osiyoning ikki yirik davlati, ta’bir joiz bo‘lsa, uranga boy mamlakatlar – Qozog‘iston va O‘zbekistonga ilk tashrifni amalga oshirdi. Bugun siz bilan ana shu tashrif haqida gaplashib, Makronning ikki qardosh davlatga safari qanday o‘tganini ko‘rib chiqamiz.
1 noyabr kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Qozog‘iston poytaxti Ostona shahriga yetib keldi. Ostonada uni laylakqor va mamlakat Bosh vaziri Alixon Smoilov kutib oldi. Makronning safarlarida va qabullarida doim unga hamrohlik qiladigan o‘qituvchisi va rafiqasi – 70 yashar Brijit Makron bu safar uning yonida ko‘rinish bermadi. Xo‘sh, nega? Chunki, Makron Qozog‘istonga turmush o‘rtog‘i bilan kelsa, so‘zsiz Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ham rasmiy uchrashuvlarga turmush o‘rtog‘i bilan qatnashishiga to‘g‘ri kelardi. Biroq, To‘qayev bugungacha hech qayerda turmush o‘rtog‘i bilan ko‘rinish bermagan. Jamoatchilik esa, hatto, uning xotini borligiga shubha bilan qaray boshlagan.
Xullas, Makron Ostonada katta hurmat va iltifot bilan kutib olindi. Prezident To‘qayev uni og‘zidan bol tomib maqtadi. Fransiya Yevropa Ittifoqidagi asosiy va ishonchli hamkor ekani, shuningdek, Qozog‘iston iqtisodiyotiga eng yirik investorlardan biri ekanini qayd etdi.
To‘qayevning bildirishicha, o‘tgan yili Fransiya bilan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 30 foizga oshib, 4 milliard dollarga yetgan. Joriy yilning sakkiz oyida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilga nisbatan 21 foizga oshib, 2,7 milliard dollarni tashkil etgan. Fransiya Qozog‘iston iqtisodiyotiga qariyb 18,7 milliard dollar sarmoya kiritgan. Energetika, qurilish, aerokosmik, farmatsevtika, tog‘-kon va kimyo sanoati, mashinasozlik kabi sohalarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Maqtov va iltifotlar navbati Makronga!
“Biz muhim iqtisodiy sherikmiz. Bundan tashqari, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik va iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qiladigan muhim shartnomalarni imzolashimizni qayd etmoqchiman. Yana bir bor ta’kidlab o‘tishga ijozat bergaysiz, bugun siz bilan uchrashib, qo‘shma kun tartibimizni muhokama qilishdan juda mamnunman”, deydi Fransiya rahbari.
U Qozog‘iston Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishini rivojlantirishda fransuz kompaniyalarining ishtirokiga tayanishi mumkinligini aytgan.
“Qozog‘iston Fransiya korxonalarining Osiyo va O‘rta yer dengizi o‘rtasida yangi logistika yo‘lagi yaratish loyihasida faol ishtirok etishiga ishonishi mumkin”, deydi Makron.
Makron Parij va Ostona strategik hamkorlikni rivojlantirish sur’atlarini tezlashtirishi zarur, degan fikrni bildirgan.
Qozog‘istonda Fransiya kapitali ishtirokidagi 170 ga yaqin korxona, jumladan, Total, Airbus, Air Liquide kabi yirik kompaniyalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Fransiya kompaniyalari, xususan, uglevodorod, qurilish, uran, aviatsiya, temiryo‘l va agrosanoat sohalarida namoyon bo‘lmoqda.
Emmanuel Makron ikki davlat orasida madaniy-gumanitar aloqalar yanada kengayish istagini ham bildirgan. U To‘qayevni 2024 yilda Parijda bo‘lib o‘tadigan Tinchlik forumida ishtirok etishga taklif qilgan.
Bundan tashqari, Makron To‘qayevga ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlagani va “Ostona va Parij o‘rtasidagi munosabatlarni hayotiy holatda saqlab qolgani” uchun minnatdorlik bildirgan.
Xo‘sh, Markaziy Osiyoga Makron keladiyu Rossiya haqida miq etmay ketadimi? Albatta, yo‘q. Ma’lumki, Fransiya doimiy ravishda Rossiya va G‘arb munosabatlarini bog‘lashda muhim dallol bo‘lib kelgan. Rossiya-Ukraina mojarosi endi alanga olayotgan, qurolli harakatlar boshlanmagan davrlarni yodga oling: Makron o‘sha vaqtlarda Putinning oldiga serqatnov bo‘lib qolgandi. U qanchalik urushni, Putinning harakatlarini qoralamasin, baribir Rossiyadan uzoq va ayro shakldagi G‘arbni tasavvur qilolmaydi. Buni Qozog‘istonda ham tasdiqladi.
Fransiya rahbari Ostonaga safari davomida Narikboyev nomidagi Qozog‘iston gumanitar yuridik universiteti talabalari bilan uchrashib, ular bilan suhbatda Yevropaga Rossiya Federatsiyasi bilan barqaror munosabatlar tizimi kerak, deb hisoblashini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropadagi xavfsizlik arxitekturasini keskinlashuv va mojarolar asosida qurish mumkin emas.
“Rossiya geografik jihatdan Yevropaning bir qismidir, shuning uchun biz YeI a’zolari, a’zo bo‘lmagan davlatlar va Rossiya o‘rtasida barqaror munosabatlar tizimini yaratishimiz kerak”, deydi Makron.
Fransiya rahbarining fikricha, Yevropa Rossiya Federatsiyasi va AQSH o‘rtasidagi qurol-yarog‘ masalalari bo‘yicha muloqotdan qochmasligi kerak.
Makronning tashrifida madaniy tadbirlar ham unutilgani yo‘q. Qozog‘iston rahbari uni “Etnoaul” milliy ko‘rgazmasiga olib bordi. Mehmonlar uchun “Qozoq kurashi” milliy o‘yini va “asik atu” o‘yini bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etilgan. To‘qayev Makronga mashhur milliy o‘yin – “asik atu”, o‘zbekcha aytganda oshiq-moshiq o‘ynashni ko‘rsatgan.
G‘arb nashrlari Makron Markaziy Osiyoga kelmasidanoq Fransiya energiya xavfsizligini yaxshilash tomon harakat qilayotgani, Makron Markaziy Osiyodan uran olgani kelayotgani haqida yozgan edi. Albatta, tashrif bo‘yicha berilgan rasmiy xabarlarda aynan uran masalasi, Qozog‘iston yo O‘zbekiston Fransiyaga qancha uranni qachon sotishi mumkinligi haqida miq etilmagan.
Ammo Makron Qozog‘istondagi ommaviy axborot vositalariga bergan bayonotida Qozog‘iston va Fransiya o‘rtasida strategik foydali qazilmalar bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyasi imzolanganini qayd etdi.
Nigerda hokimiyat ag‘darilganidan so‘ng, mamlakat Fransiyaga uran va oltin eksportini to‘xtatgandi. Niger jahonda uran qazib olish bo‘yicha yettinchi o‘rinda turadi. Fransiyada elektr energiyasi uchun ishlatiladigan uranning 15-17 foizi Niger hissasiga to‘g‘ri kelardi. Mamlakatda hokimiyatga kelgan kuchlarning esa Fransiya bilan aloqalari yomon.
Prezidentlar madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik muhimligini inobatga olib, ta’lim va fan sohasida qator loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldilar. Qosim-Jomart To‘qayev fransuz maktablarini ochish, fransuz tilini o‘rgatish, ilmiy aloqalarni mustahkamlashni nazarda tutuvchi kelishuvlar imzolanganini ta’kidladi.
Ikki davlat rahbarlari mintaqaviy va global kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashib, nizolarni tinch, diplomatik yo‘llar bilan hal etishga chaqirdilar.
Tashrif yakuni bo‘yicha Prezidentlar bayonot qabul qildi va rasmiy delegatsiyalar a’zolari tomonidan 6 ta hujjat imzolandi.
Shu tariqa Makronning Qozog‘istonga safari qarib, u 1 noyabrning o‘zidayoq O‘zbekistonga yo‘lga chiqdi. Bu orada esa Prezident Shavkat Mirziyoyev uni kutib olish uchun Samarqandga kelib turgan edi.
Samarqand xalqaro aeroportida Fransiya Prezidentini O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov kutib oldi. Samarqandga tun cho‘kkaniga qaramay, Prezidentlar fursatdan foydalanib norasmiy uchrashuvlarni boshlab yubordi. Makron Shavkat Mirziyoyev hamrohligida tungi Samarqandni aylandi, davlat rahbarlari Registon maydoniga bordi, Boqiy shahar sayyohlik markazida bo‘lib, kechki ovqatni birga qildilar. Shuningdek, Makron sharafiga teatrlashtirilgan dastur namoyish etildi.
2 noyabr kuni Samarqand shahrida bir necha ko‘chalar yopildi. Faqatgina bemorlar va shoshilinch tez tibbiy yordamga zarurati bor fuqarolarga, shuningdek, favqulodda vaziyatlar xodimlariga harakatlanish uchun ruxsat berildi. Shu kuni Samarqandda xalqaro Kongress markazida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimdan so‘ng, Shavkat Mirziyoyev va Emmanuel Makronning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tashrif shunisi bilan ahamiyatliki, Fransiya Prezidenti oxirgi 30 yil ichida birinchi marta O‘zbekistonga kelmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev esa oxirgi yetti yilda ikki marta Fransiyada mehmon bo‘ldi.
Tovar ayirboshlash va qo‘shma korxonalar soni karrasiga, joriy va istiqbolli loyihalar portfeli 10 milliard yevrodan oshgani, Fransiya taraqqiyot agentligi bilan 1 milliard yevrolik Strategik hamkorlik dasturi amalga oshirilayotgani aytildi.
Fransiya O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda ishonchni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini, shuningdek, mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini hamda Yevroittifoq bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim tez fursatda imzolanishini bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ta’kidlangan.
Siyosiy muloqotni davom ettirish, xavfsizlik, yuzaga kelayotgan tahdid va xatarlarga samarali qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash muhimligi qayd etilgan.
O‘zbekistonda fransuz tilini o‘rganishga qiziqish ortib borayotgani aytilgan. Toshkent shahrida O‘zbekiston-Fransiya oliy ta’lim muassasasini ochishni tezlashtirish hamda fransuz tili o‘qituvchilarini tayyorlash borasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi.
Prezidentlar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdi.
Delegatsiyalar ishtirokida o‘tgan uchrashuvda Ishbilarmonlar o‘rtasidagi sheriklikni ilgari surish uchun O‘zbekiston-Fransiya savdo palatasi ishga tushgani hamda Toshkentda “Business France” agentligining ofisini ochish rejalashtirilayotgani e’lon qilindi. Fransiyaning turli shaharlaridan Samarqand, Buxoro va Xivaga charter reyslarni tashkil etgan holda sayyohlar almashinuvini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi.
Muzokaralar yakunida Prezidentlar Qo‘shma bayonot qabul qildi. Hujjatda ikki davlatning o‘zaro munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarish niyati qayd etildi.
Ikki tomonlama hamkorlikning joriy holatiga hamda turli sohalarda davlatlararo munosabatlarni chuqurlashtirish istiqbollariga baho berilgan, tomonlar xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga, dolzarb global va mintaqaviy muammolarni birgalikda hal qilishga intilishi tasdiqlangan.
Prezidentlar huzurida moliya, ta’lim, madaniyat va ikki tomonlama hamkorlikning boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha 8 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi.
Shundan so‘ng, Prezidentlar ikki davlat ishbilarmonlari ishtirokida biznes forumda qatnashdi. O‘zbekiston Prezidenti biznes forum ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘rtasida amaliy muloqotni jadallashtirish hamda yangi o‘sish nuqtalarini belgilab olishga qaratilgani bilan ayniqsa ahamiyatli ekanini ta’kidladi.
“Yangi O‘zbekistonda ishlash uchun fransiyalik hamkorlarimizga eshiklarimiz doim ochiq ekanini, qanday foydali qo‘shma loyihalaringiz bo‘lsa, amalga oshirishga doim tayyorligimizni ta’kidlamoqchiman”, deydi Prezident Mirziyoyev.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham biznes forum ishtirokchilariga murojaat qildi. U Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlab, ushbu siyosat tufayli ikki tomonlama investitsiyaviy hamkorlik uchun katta imkoniyatlar ochilganini qayd etdi.
Biznes forumi yakunida energetika, metallurgiya, suv ta’minoti, qishloq xo‘jaligi, transport va boshqa muhim sohalarda erishilgan kelishuvlar bo‘yicha salmoqli hujjatlar to‘plami imzolandi.
Prezidentlar o‘rtasidagi uchrashuvlardan e’lon qilingan xabarlarda Fransiyaning O‘zbekistondan uran olishi bo‘yicha aniq mesejlar berilmadi. Ammo O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan bir xabar e’tiborni tortadi.
“Kooperatsiyaning yana bir muhim yo‘nalishi sifatida strategik xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash va ilg‘or texnologiyalar asosida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish qayd etildi. Bu sohada “Orano” kompaniyasi bilan sheriklikni kengaytirish rejalari borligi ta’kidlandi”, deyiladi Prezident Administratsiyasi tomonidan e’lon qilingan xabarda.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev “Orano” kompaniyasi raisi Klod Imoven bilan uchrashgani ham xabar qilindi.
“Orano” – uran va yadro yoqilg‘isini ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoning yirik kompaniyasi, aktivlari qiymati 29 milliard yevrodan ortiqni tashkil etadi.
“Uchrashuvda geologiya-qidiruv ishlari va uran qazib chiqarish borasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi”, deyiladi xabarda.
Prezidentlar rasmiy tadbirlarni yakunlab, Samarqanddagi xalqaro Kongress markazi hovlisida do‘stlik ramzi sifatida ko‘chat ekdilar, so‘ng O‘zbekiston madaniy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma bilan tanishdilar.
Davlat rahbarlari Fransuz alyansining Samarqand shahridagi filialiga borib, ushbu markazni ochib berdilar va o‘quvchi-yoshlar bilan muloqot qildilar. Bu yerda fransuz tili va adabiyoti bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etiladi. Markaz 200 nafargacha fransuz madaniyatiga qiziquvchilarni qabul qila oladi.
Makronning Samarkanddan ko‘ngil uzib ketishi qiyin bo‘ldi. U yana Samarqanddagi tarixiy obidalar, Amir Temur davriga oid tarixiy yodgorliklarni qarich-qarich kezdi. Go‘ri Amirdan tortib, Ulug‘bek rasadxonasigacha bordi.
Prezidentlar yana Registon majmuasiga borib, u yerda o‘zbekistonliklar va xorijiy mehmonlar bilan muloqot qildilar.
Shu tariqa, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning O‘zbekistonga va Markaziy Osiyoga tashrifi yakunlanib, Samarqanddan Parijga yo‘lga chiqdi. Uni aeroportda kuzatib qolgan Shavkat Mirziyoyevning o‘zi esa ko‘p o‘tmay Turkiy Davlatlar Tashkilotining yubiley sammitida ishtirok etish uchun Qozog‘istonning Ostona shahriga jo‘nab ketdi.
LiveBarchasi