Makron Putin va Baydenni sammit o‘tkazishga ko‘ndirdi

Olam

image

Kecha, 20 fevral kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Rossiya va AQSH Prezidentlari Vladimir Putin hamda Jo Baydenga ikki tomonlama sammit o‘tkazishni taklif qildi. Tomonlar taklifni qabul qilgan. Bu haqda bugun, 21 fevral kuni Yelisey saroyi tarqatgan xabarda aytilgan.

“U (Makron – tahr.) Prezident Bayden va Prezident Putin o‘rtasida, so‘ngra Yevropada xavfsizlik va strategik barqarorlik bo‘yicha barcha manfaatdor tomonlar bilan sammit o‘tkazishni taklif qildi. Prezidentlar Bayden va Putin bunday sammit tamoyilini qabul qilishdi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, sammit “Rossiya Ukrainaga bostirib kirmasa” o‘tkaziladi. Rossiya bunday eskalatsiya rejalarini qat’iyan rad etadi.

Yelisey saroyining bildirishicha, sammit kun tartibi AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov tomonidan 24 fevral kuni xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha o‘tkaziladigan yig‘ilishda tayyorlanadi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya qo‘shinlarini Ukraina bilan chegaraga joylashtirishi ortidan Sharqiy Yevropada inqiroz yuzaga keldi. AQSH boshliq G‘arb davlatlari Moskvani urushga tayyorgarlikda ayblab kelmoqda. Kreml esa bu ayblovlarni qat’iyan rad etmoqda.

Shu bilan birga, Ukrainaning sharqiy hududlarida joylashgan rossiyaparast, o‘zini suveren deya atovchi hududlar -  tan olinmagan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasi (DXR) yetakchilari joriy yilning 18 fevral kuni aholini Rossiyaga evakuatsiya qilish haqida buyruq bergan.

Ukraina tarkibidan ajralib chiqish harakatida bo‘lgan ikki hudud joriy yilning 17 fevral kuni Ukraina harbiylari Donbassga hujum qilganini ro‘kach qilib, Kiyevni ayblamoqda. Ammo, rasmiy Kiyev LXR va DXR tomonidan Ukraina hududiga 60 marotaba o‘q uzilganini aytmoqda. Hatto, ba’zi hujumlar og‘ir artilleriyalar yordamida uyushtirilgani ma’lum qilingan.

Rasmiy Kiyev LXR va DXRni Rossiya hujumga o‘tishi uchun bahona yaratish maqsadida, Ukraina ularga birinchi o‘t ochgani haqidagi yolg‘on xabarlarni tarqatishda ayblagan. 

LXR va DXR hujum boshlangani ortidan o‘z fuqarolarini Rossiya hududiga evakuatsiya qila boshlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

168

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing