Makron bosh bo‘lib Ukrainaga 1 mlrd mablag‘ yig‘ib berdi
Olam
−
13 dekabr 2022
4125Bugun, 13 dekabr kuni Parijda bo‘lib o‘tgan Ukrainaga yordam ko‘rsatishga bag‘ishlangan konferensiya ishtirokchilari tadbir yakuniga ko‘ra 1 milliard yevroga yaqin mablag‘ yig‘di. Bu haqda brifingda Fransiya Tashqi ishlar vaziri Katrin Kolonna ma’lum qildi.
“Konferensiya Ukraina aholisining qishdan chiqib olishi uchun 1 milliard yevroga yaqin mablag‘ yig‘ishga yordam berdi”, deydi u.
Bu mablag‘dan, xususan, 415 million yevro energetika sohasiga, 25 million yevro suv ta’minotiga, 38 million yevro oziq-ovqat ta’minotiga yo‘naltiriladi.
Vazirning ta’kidlashicha, ular yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan mablag‘ Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy konferensiya ochilishida so‘ragan 800 million yevrodan oshadi.
Ayni vaqtda Parijda bo‘lib turgan Ukraina Bosh vaziri Denis Shmigalning ta’kidlashicha, Ukrainaga yordam berish kuchli qo‘llab-quvvatlash signalidir.
Ukrainaga moliyaviy yordam ko‘rsatish bo‘yicha konferensiyaga Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron raislik qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu galgi munozaralarda avval Kiyevga yordam berishda unchalik ahamiyatli bo‘lmagan davlatlar ishtirok etdi.
Yig‘ilish tashkilotchilariga ko‘ra, Parij forumi 70 dan ortiq “yuqori darajali” delegatlarni jamlagan. Parijga kelgan Shmigal, konferensiya boshlanishidan oldin ham, Kiyev ko‘p milliard dollarlik kamomad bilan tuzilgan Ukraina byudjetini moliyalashtirish uchun G‘arbning keng ko‘lamli makroiqtisodiy yordamiga umid qilayotgani haqida ogohlantirdi. Kiyevga yordam bo‘yicha navbatdagi anjuman 2023 yilda Londonda bo‘lib o‘tadi.
LiveBarchasi