Makkada qiyin ahvolda qolgan fuqaro O‘zbekistonga qaytarildi
Jamiyat
−
28 avgust
80552024 yil fevral oyidan buyon Saudiya Arabistonining Makka shahrida qiyin ahvolda qolgan o‘zbekistonlik ortga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” agentligi xabar berdi.
O‘zbekistonning Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi ma’lumotiga ko‘ra, fuqaro shu yilning yanvar oyida oila a’zolari bilan ziyorat qilish uchun Saudiya Arabistoniga borgan va keyinchalik insult tashxisi bilan Makka shahridagi Ibn Sino shifoxonasiga davolanish uchun yotqizilgan. Fuqaroning viza muddati tugashi va mamlakatdan chiqib ketishga taqiq qo‘yilgani tufayli O‘zbekistonga qaytishga bo‘lgan barcha urinishlari muvaffaqiyatsizlikka uchragan.
Shu vaqt davomida O‘zbekistonning Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi I.I.ning oilasiga zarur maslahat yordamini ko‘rsatgan va diplomatlar unga Saudiya sayyohlik kompaniyalaridan biri bilan birgalikda O‘zbekistonga qaytarilishida ko‘maklashgan.
Barcha masalalar hal etilgach, joriy yilning 22 avgust kuni bemorning uyiga parvozi uchun yo‘l hujjatlari rasmiylashtirilib, shifoxonadan Jidda xalqaro aeroportiga zarur tibbiy asbob-uskunalar bilan yetkazilishi ta’minlangan.
Natijada, joriy yilning 23 avgust kuni fuqaro I.I. va uning o‘g‘li J.I. shifokor hamrohligida Toshkentga jo‘natilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning Olmaota shahridagi bosh konsulxonasi ko‘magida turli sabablarga ko‘ra Qozog‘istonda qarovsiz qolib ketgan voyaga yetmagan bolalar ortga qaytarilgandi.
LiveBarchasi