Maxsus iqtisodiy zonalar yangi qonun bilan tartibga solinadi
Jamiyat
−
27 noyabr 2019
4971Kecha, 26 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘tkazildi. Yig‘ilishda “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda atroflicha muhokama etildi.
Ma’lumki, maxsus iqtisodiy zonalar mamlakat iqtisodiyotiga investitsiyalarni jalb etish, uni diversifikatsiya qilish va innovatsion rivojlantirishda eng samarali vositalaridan biridir. Bunday zonalarning tashkil etilishi ishlab chiqarish, yuqori texnologiyali sanoat, muhandislik, transport va boshqa yo‘nalishlar, yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish, turizm hamda dam olish sohalarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Shu bois, mamlakat iqtisodiyotini yanada taraqqiy ettirishni istagan har qanday davlat ayni yo‘nalishdagi islohotlarni muntazam ravishda chuqurlashtirib boradi. Ayniqsa, sohaga doir qonunchilikni mustahkamlash bu boradagi muhim vazifalardan sanaladi.
Majlisda qayd etilganidek, bugungi kunda mamlakatda erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini tartibga solish bo‘yicha 40 dan ortiq qonunosti xujjati qabul qilingan bo‘lib, ular asosan individual xarakterga ega. 1996 yil 25 aprelda qabul qilingan amaldagi “Erkin iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi Qonunda erkin iqtisodiy zonalar faoliyati to‘liq qamrab olinmagan. Qolaversa, u bugungi kun talablariga to‘la javob bermaydi. Bu, o‘z navbatida, sohaga oid qonun hujjatlarini davr talablari nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqish zaruratini paydo qilyapti.
Shu ma’noda, “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturining 120-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini tubdan takomillashtirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Ushbu qonun loyihasiga muvofiq, maxsus iqtisodiy zonalar bir qator shakllarda, xususan, erkin iqtisodiy, maxsus ilmiy-texnikaviy, (texnoparklar), turistik va rekratsion, erkin savdo, maxsus sanoat zonalari shaklida tashkil etilishi mumkin.
Loyiha asosiy qoidalar, faoliyat yuritish va tugatish muddatlarini uzaytirish, chegaralarni o‘zgartirish, tashkil etiladigan faoliyat turlari, boshqaruv, ishtirokchi maqomini belgilash, bojxona rasmiylashtiruvi tartiblari, soliqqa tortish, yer uchastkalaridan foydalanish tartibi, investorlar (sarmoyadorlar) huquqlari va maxsus huquqiy tartibotlarni o‘z ichiga oladi.
Deputatlarning fikricha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi, avvalo, maxsus iqtisodiy zonalarni boshqarish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar sonini minimal darajada kamaytirish imkonini beradi. Maxsus iqtisodiy zonalarni rivojlantirish va ularni innovatsion rivojlanish klasterlariga aylantirishga yo‘l ochadi. Ayni paytda bu xorijiy investorlar uchun yanada qulay shart-sharoitlarni yaratishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Umuman olganda, hujjat loyihasi maxsus iqtisodiy zonalar normalari bilan bog‘liq muammolarni tartibga solishda asosiy huquqiy baza vazifasini o‘taydi, ta’bir joiz bo‘lsa, amaldagi “Erkin iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi qonun o‘rnini bosadi.
Qizg‘in muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ma’qullandi.
LiveBarchasi