Maxachqal’adagi portlash: 35 kishining umriga zomin bo‘lgan yong‘inga nima sabab bo‘ldi?

Olam

image

Dog‘istonda Maxachqal’a chekkasidagi yoqilg‘i quyish shoxobchasi yaqinida sodir bo‘lgan portlash yuzasidan Rossiya Tergov qo‘mitasining Bosh tergov boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va hozirda tergov davom etmoqda. Bu haqda RG xabar berdi.

Aytilishicha, hozirda bir nechta versiyalar ko‘rib chiqilmoqda. Ulardan biriga ko‘ra yong‘inga xavfli xususiyatlarga ega bo‘lgan agrokimyoviy moddalarni saqlash qoidalari buzilishi sabab bo‘lgan. Dog‘iston Tergov qo‘mitasi voqea sabablari bo‘yicha yakuniy xulosani tergov harakatlari va tayinlangan ekspertiza natijalari ko‘rsatishini ma’lum qilgan.

Hozirgacha nimalar ma’lum?

Maxachqal’ada tadbirkor avtoservis hududida ombor yaratib, u yerda yuz tonnaga yaqin ammiakli selitra saqlagan. Ta’mirlash ishlari olib borilayotgan vaqtda yong‘in kelib chiqqan va selitra portlab ketgan. Katta portlash oqibatida yong‘in yoqilg‘i quyish shoxobchasi va yaqin atrofdagi binolarga tarqalgan. Tadbirkor allaqachon tergovchilar tomonidan so‘roq qilinmoqda.

Avvalroq portlash yoqilg‘i quyish shoxobchasining o‘zida sodir bo‘lgani taxmin qilingan. Ma’lum bo‘lishicha, uning egasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining qonuniy ko‘rsatmalarini o‘z vaqtida bajarmagani uchun bir necha bor jarimaga tortilgan. Biroq yoqilg‘i quyish shoxobchasi rahbari Ibragim Shamxalov barcha qonunbuzarliklar bartaraf etilganini aytgan.

“Aks holda yoqilg‘i quyish shoxobchasi allaqachon yopilgan bo‘lardi”, deya ta’kidlagan Shamxalov.

Dog‘iston yoqilg‘i quyish shoxobchalari uyushmasi rahbari Yusup Charaburayevning aytishicha, uning tashkiloti tergov bilan faol hamkorlik qilmoqda. U portlash dastlab yoqilg‘i quyish shoxobchasida sodir bo‘lmaganini aytib, buning sabablarini tushuntirgan.

“Hodisadan keyin tarqalgan videoda yoqilg‘i quyish shoxobchasidagi baklar butunligi ko‘rinib turibdi, bu yoqilg‘i quyish shoxobchasida portlash yo‘qligidan dalolat beradi. Tergovchilarning qayd etishicha, 14 avgust kuni texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi binosida avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish vaqtida yong‘in sodir bo‘lgan. Shundan so‘ng yong‘in qo‘shni xonaga o‘tgan, unda dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, tez yonuvchi o‘g‘it saqlangan, oqibatda portlash sodir bo‘lgan”, deydi Charaburayev.

Jabrlanganganlarga qanday yordam ko‘rsatildi?

Dog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi bugun, 16 avgust holatiga ko‘ra o‘limlar soni oshmagani, ular hanuz 35 kishini tashkil qilishini bildirgan. Biroq ayrimlarning jasadlari hozircha aniqlanmagan.

“Respublika tibbiyot muassasalarida qolayotgan bemorlarning hayoti xavf ostida emas, barcha zarur yordamlar to‘liq ko‘rsatilmoqda. Dori-darmon va shifoxona o‘rinlari taqchil emas, jabrlanganlarga psixologik yordam ham ko‘rsatilmoqda”, deydi respublika sog‘liqni saqlash vaziri Tatyana Belyayeva.

Ta’kidlanishicha, hozirda 47 kishi shifoxonalarda qolmoqda. Kecha, 15 avgust kuni Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligining Il-76 samolyotida ahvoli og‘ir bo‘lgan 16 nafar jabrlanuvchi Moskvadagi tibbiyot markazlariga, jumladan, Sklifosovskiy nomidagi Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy-tadqiqot instituti hamda Shoshilinch bolalar jarrohligi va travmatologiyasi ilmiy-tadqiqot institutiga yetkazilgan.

Dog‘iston hukumati qurbonlar oilalariga barcha zarur yordam ko‘rsatilishini ma’lum qilgan. Aytilishicha, qurbonlarning oilalari bir million rubldan, og‘ir jarohat olganlar – 400 ming rubldan, kamroq jarohat olganlar – 200 ming rubldan pul oladi.

Oddiy dog‘istonliklar ham chetda turmagan. Bir kundan kamroq vaqt ichida xayriya maydonchasida qurbonlar uchun kolleksiya ochilgan, maxsus hisob raqamiga 25 million rublga yaqin mablag‘ tushgan. 30 mingga yaqin odam imkoni boricha pul o‘tkazgan. Bildirilishicha, mablag‘lar jabrlanganlar va qurbonlarning oilalariga yordam berish uchun yuboriladi.

Fojiaviy portlashdan so‘ng prokuratura Dog‘istondagi yoqilg‘i quyish shoxobchalarini tekshirishni boshlagan. Bunday buyruqni Rossiya Bosh prokurori Igor Krasnov bergan. Ma’lumotlarga ko‘ra, hudud aholisi uzoq vaqtdan beri shahar markazida joylashgan yoqilg‘i quyish shoxobchalarini yo‘q qilishni talab qilib kelgan. Chunki ularning ko‘pchilik piyodalar yo‘laklaridan bir necha metr uzoqlikda, turar-joy binolari atigi 15-20 metr masofada joylashgan. Buning oqibatida ayrim joylarda piyodalar yoqilg‘i quyish shoxobchalaridan o‘tishga majbur bo‘lib kelgan.

Eslatib o‘tamiz, 15 avgust respublikada motam kuni deb e’lon qilingandi. Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev va Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon esa Rossiya yetakchisi Vladimir Putinga hamdardlik telegrammasini yo‘llagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Maxachqal'adagi portlash

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar