Madinada avtohalokat oqibatida ziyoratchilar kuyib ketdi (video)
Olam
−
17 noyabr 34082 2 daqiqa
Saudiya Arabistonining Madina shahri yaqinida umra ziyoratchilarini olib ketayotgan avtobus dizel tankeri bilan to‘qnashib ketishi oqibatida kamida 42 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Hindustan Times” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Saudiya Arabistoni avtobusidagi baxtsiz hodisada halok bo‘lganlarning kamida 16 nafari Hindistonning Haydarobod shahri aholisi bo‘lgan. Avtobus butunlay yonib ketgani sababli rasmiylar hali ham marhumlarning shaxsini tekshirmoqda.
Hukumat e’lon qilgan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, halokat mahalliy vaqt bilan soat 1:30 atrofida Madinadan taxminan 160 km uzoqlikda joylashgan Mufrihat shahrida sodir bo‘lgan. Avtobusda 43 nafar yo‘lovchi bo‘lgan va faqat bir kishi tirik qolgani taxmin qilinmoqda.
Hindiston Tashqi ishlar vaziri Subrahmanyam Jaishankar Madinada sodir bo‘lgan baxtsiz hodisadan qattiq afsusda ekanini bildirgan.
“Riyoddagi elchixonamiz va Jiddadagi konsulligimiz ushbu baxtsiz hodisadan jabr ko‘rgan Hindiston fuqarolari va oilalariga to‘liq yordam ko‘rsatmoqda. Marhumlarning oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildiramiz”, deb yozgan u X dagi sahifasida.
Hindistonning Jiddadagi elchixonasi halokatdan jabr ko‘rganlarning oilalari uchun ishonch telefon raqamini e’lon qilgan. Haydarobod deputati Asaduddin Ovaysi voqeadan keyin Hindistonning Ar-Riyoddagi elchixonasi bilan bog‘lanib, qurbonlarning shaxsini tezroq aniqlashni so‘ragan.
“Men markaziy hukumatdan jasadlarni Hindistonga qaytarishni va agar kimdir tirik qolgan bo‘lsa, darhol tibbiy yordam ko‘rsatishlarini so‘rayman deydi”, Ovaysi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq xususiy tur firmalardan biri tomonidan Umra safariga jo‘natilgan o‘zbekistonliklar o‘tirgan avtobus Saudiya Arabistonida yo‘l-transport hodisasiga uchragan edi.
Bunyod Keldiboyev
Live
Barchasi