Mahmud Abbos Isroilni sulh shartlarini bajarishga chaqirdi
Olam
−
18:01 830 2 daqiqa
Bugun, 14 fevral kuni Falastin Prezidenti Mahmud Abbos Afrika Ittifoqining Efiopiyada bo‘lib o‘tgan sammitida Isroilni G‘azo bo‘yicha sulh kelishuvi doirasidagi kelishuvlarga amal qilishga chaqirdi. Bu haqda “Al Arabiya” xabar berdi.
Sammitda Mahmud Abbosning nutqini Falastin bosh vaziri Muhammad Mustafo o‘qib eshittirgan. Unda kelishuvning ikkinchi bosqichi bilan bog‘liq qoidalarni to‘liq bajarish, jumladan, G‘azoning kundalik boshqaruvini nazorat qilish uchun tuzilgan qo‘mitaga zarur sharoit yaratish zarurligi ta’kidlangan.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, xizmatlar davomiyligini ta’minlash, gumanitar yordamni muvofiqlashtirish va tezkor tiklanishni boshlash uchun mavjud to‘siqlar bartaraf etilishi lozim. Abbos Isroilni o‘tgan yil oktyabr oyida kuchga kirgan va AQSH ko‘magida erishilgan sulh kelishuvini buzishda davom etayotganlikda aybladi. Unga ko‘ra, o‘t ochishni to‘xtatish e’lon qilinganidan buyon G‘azoda 500 dan ortiq falastinlik halok bo‘lgan.
O‘tgan oy AQSH vositachiligida Isroil va HAMAS o‘rtasida tuzilgan kelishuvning ikkinchi bosqichi boshlangan. Hujjat G‘azodagi urushni to‘liq yakunlashni nazarda tutadi va 2025 yilning noyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan ma’qullangan.
Kelishuvning ikkinchi bosqichiga ko‘ra, Isroil kuchlari G‘azodan bosqichma-bosqich chiqib ketishi, HAMAS esa qurolsizlanishi hamda xavfsizlik ta’minlanishi kerak. Biroq, HAMAS qurolsizlanishni rad etib, qurollarni kelajakda Falastin boshqaruv organiga topshirish masalasini ko‘rib chiqishini bildirgan.
Hozirda Isroil armiyasi G‘azo sektorining yarmidan ko‘p qismini nazorat qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil 2025 yilning 10 oktyabr kuni boshlangan HAMAS bilan sulh kelishuvidan so‘ng G‘azodagi o‘z nazorati ostida qolgan hududlardagi 1 500 dan ortiq binolarni vayron qilgani haqida xabar berilgan edi.