Mahkumni taxtga olib kelgan tun. Qirg‘izistondagi taloto‘plarga 1 yil to‘ldi 

Tahlil

image

Bundan bir yil avval ya’ni 2020 yilning oktyabr oyi Qirg‘izistonda mamlakat taqdirini o‘zgartirib yuborgan siyosiy hodisalar yuz berdi. Parlament quyi palatasiga o‘tkazilgan saylov natijalari muxolif partiyalar tomonidan tan olinmadi. Bu esa ommaviy namoyishlar, so‘ngra tartibsizliklar va parlament binosining “shturm” qilinishigacha yetib bordi. Bishkekni oyoqqa turg‘izgan halovatsiz tunlar mamlakat tarixida “Uchinchi inqilob” nomi bilan qoldi. Quyida Qirg‘izistonda yuz bergan 2020 yilgi siyosiy inqiroz haqida batafsil so‘z yuritamiz.

2020 yil 4 oktyabr. Kun qoraygach Bishkekda salyutlar otildi, osmon bir zumga yorishib ketdi. Markaziy saylov komissiyasi rahbari navbatdagi parlament saylovlari muvaffaqiyatli o‘tganini ta’kidladi. Biroq, aynan mana shu muvaffaqiyatli saylov bo‘lajak inqilobning boshlanishi edi. Uning natijalariga ko‘ra, to‘rtta siyosiy partiya 7 foizlik barerdan o‘tib, parlamentda o‘z o‘rniga ega bo‘lish imkonini qo‘lga kiritdi. Bundan norozi bo‘lgan muxolif partiyalarning minglab vakillari 5 oktyabr kuni namoyishga chiqdi.  

“O‘z ko‘zingiz bilan barchasini ko‘rdingizlar-ku, qanday qilib ovozlarni sotib olish va poraxo‘rlikka to‘la bo‘lgan saylov natijalarini tan olish mumkin?”, degan edi saylovda yetarlicha ovoz to‘play olmagan “Qirg‘iziston sotsial-demokratik partiyasi”dan nomzod Irina Karamushkina.

Oq uyning qo‘lga olinishi

Bishkekning Ala-Too maydonida yig‘ilgan 11 partiyaning tarafdorlari militsiya bilan to‘qnashuvga kira boshladi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari aksiya ishtirokchilariga nisbatan kuch ishlatishgacha bordi. Dastlab, bu ish bergandek tuyuldi. Biroq, maqsadi Oq uyga bostirib kirish bo‘lgan namoyishchilar qo‘li baland kelib, 7 soat bardosh bergan OMON himoyasini yorib o‘tdi, Oq uy egallandi. Vaziyat jiddiylashganini ko‘rgan Ichki ishlar vaziri Qashqar Junushaliyev va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Orozbek Opumbayev o‘z vazfasini tashlab qochdi. Qizig‘i, ularning qayerda ekani haligacha noma’lum qolmoqda. 

Japarovning qamoqdan ozod qilinishi

6 oktyabrga o‘tar tunda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) binosi namoyishchilar tomonidan qurshab olindi. Boshliqsiz qolgan xavfsizlik xodimlari taslim bo‘lganiga ishora qilgan holda qo‘llarini tepaga qilib, namoyishchilar oldiga chiqdi va xalq bilanligini ta’kidladi. Shu tariqa MXDQga qarashli koloniyadan sobiq deputat Sadir Japarov ozod qilindi. U bilan birga sobiq Prezident Almazbek Atamboyev va sobiq Bosh vazir Sapar Isoqov ham xavsizlik qo‘mitasi qamoqxonasidan chiqib keldi.

O‘z ixtiyori bilan vazifasidan ketganlar 

Birin-ketin Oq uy va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining namoyishchilar qo‘liga o‘tishi hamda Ichki ishlar va Milliy xavfsizlik rahbarlarining o‘z postini tashab qochishi butun mamlakatga ta’sir qildi. Dastlab, parlament raisi Dostonbek Jumabekov iste’foga chiqqan bo‘lsa, uning ortidan Bishkek meri Aziz Surakmatov ham iste’fo berdi. Inqiroz ortidan boshlangan ushbu “an’ana”ni Botken, Norin, Talos va Issiqkul viloyati rahbarlari davom ettirdi. Eng qizig‘i, ketish qarorini ularning barchasi o‘z ixtiyori bilan qabul qilgan. 

Qo‘shni O‘zbekiston xavotirda 

6 oktyabr kuniyoq O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Qirg‘iziston Respublikasi parlamentiga o‘tkazilgan saylovlardan keyin mamlakatda yuz bergan tartibsizlarga nisbatan munosabat bildirib, bayonot e’lon qildi. Unda rasmiy Toshkent Qirg‘izistondagi vaziyatdan jiddiy tashvishda ekanini yashirmagan.

“Qirg‘iz Respublikasida yuzaga kelgan keskin vaziyat va voqealar rivoji O‘zbekiston Respublikasida jiddiy tashvish uyg‘otmoqda. O‘zbekiston yaqin qo‘shni va strategik sherik sifatida qardosh Qirg‘izistondagi vaziyatning mamlakat Konstitutsiyasi va milliy qonunchiligi normalariga muvofiq tez orada barqarorlashuviga umid qiladi. 

Hozirgi murakkab vaziyatda biz O‘zbekistonda ko‘p asrlik tarixiy va qarindoshlik rishtalari,  umumiy madaniy hamda ma’naviy qadriyatlar bilan mustahkam bog‘langan birodar Qirg‘iziston xalqiga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatishga tayyormiz”, deyilgandi bayonotda.

Prezident Jeenbekovning o‘zi bosim, rasmi esa oyoq ostida qoldi 

Oq uy qulagach, talonchilardan poytaxtni himoya qilish maqsadida “xalq qo‘riqchilari” tuzildi. Aynan ular o‘sha vaqtdagi Prezident Jeenbekovning joniga oro kirdi. Gap shundaki, 6 oktyabr kuni namoyishchilar Bishkek janubida joylashgan Prezident qarorgohiga borib, Jeenbekovdan iste’fo talab qilishmoqchi bo‘lgan. G‘azab otiga mingan olamonni “xalq qo‘riqchilari” to‘xtatib qolgan. Oradan bir kun o‘tib Jeenbekov g‘oyib bo‘ldi. 8 oktyabr kuni esa Prezident Matbuot xizmati rahbari Tolgonoy Stamaliyeva chiqib, Jeenbekov iste’foga chiqmasligini ma’lum qildi. Biroq, yakunda Jeenbekov baribir iste’foga chiqishga majbur bo‘ldi. Bu haqda u 15 oktyabrda e’lon qildi, bir kun o‘tib ushbu qaror mamlakat parlamenti tomonidan ham qabul qilindi. Shunday bo‘lsa-da, Jeenbekov o‘zida sobiq Prezident maqomini saqlab qoldi. Bu unga pensiya olish, daxlsizlik kabi bir qator imtiyozlarni berdi. U iste’foga chiqish qarorini quyidagicha izohlagan edi:

“Men uchun har bir vatandoshimning hayotidan azizroq narsa yo‘q. Qirg‘iziston tarixida o‘z fuqarolarining qonini to‘kkan va ularni otgan Prezident sifatida qolishni xohlamayman. Shuning uchun iste’foga chiqishga qaror qildim. Japarov va boshqa siyosatchilarni o‘z tarafdorlarini mamlakat poytaxtidan olib chiqib, Bishkek aholisiga tinch hayotni qaytarishga chaqiraman. Mamlakatimiz yaxlitligi va jamiyatdagi uyg‘unlikka hech qanday hokimiyat munosib emas”.

Qamoqdan chiqqan Japarov dastlab, Bosh vazir so‘ngra, Prezidentga aytlandi 

Ozod bo‘lgan Japarov ertasi kuni ya’ni 7 oktyabrda o‘zini Bosh vazir, deb e’lon qilgani haqida mamlakat bo‘ylab xabarlar tarqaldi. Biroq, ushbu post uchun da’vogarlik qilayotgan “Ota-makon” partiyasidan boshqa bir kandidat Tilak Toktogaziyev bunga qarshi bo‘ldi. Uning ta’kidlashicha, mamlakat Bosh vazirligiga Japarov nomzodi bosim ostida qolgan deputatlar tomonidan ma’qullangan. Shu sababli Tilak Toktogaziyev buni noqonuniy deb, uni tan olishdan bosh tortgan. Biroq, 10 oktyabr kuni mamlakat parlamenti bir ovozdan Sadir Japarov nomzodini Bosh vazirlikka tasdiqladi. Jeenbekov iste’fo bergach, Prezident vakolati parlament spikeri Miktibek Abdildayevga o‘tishi kerak edi. Lekin u ham, Miktibekdan so‘ng parlament spikeriga aylangan Kanat Isayev ham bunday mas’uliyatli vazifani o‘z bo‘yniga olishdan bosh tortdi. Shu tariqa butun hokimiyat qamoqdan chiqqaniga 10 kun to‘lib ulgurmagan Japarovga qolib ketdi. 

Joriy yilning 10 yanvar kuni Qirg‘izistonda navbatdan tashqari prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi. Unda kutilganidek Sadir Japarov saylovchilarning qariyb 80 foiz ovoziga ega chiqib, g‘alaba qozondi. O‘sha kuni mamlakatda konstitutsiyaviy referendum ham o‘tkazildi. Uning yakuniga ko‘ra, Qirg‘iziston boshqaruv tizimi parlament respublikasidan prezidentlik respublikasiga o‘zgardi. Joriy yilning 28 yanvar kuniga kelib Qirg‘izistonning saylangan Prezidenti Sadir Japarovning inauguratsiya marosimi bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng, u rasman o‘z vazifasiga kirishdi.

Ma’lumot o‘rnida, Qirg‘izistondagi birinchi inqilob 2005 yilda sodir bo‘lgan va u tarixda “Lola inqilobi” nomi bilan qolgan. Buning ortidan mamlakatdagi siyosiy inqirozni qo‘lga ololmagan Askar Akayev turmush o‘rtog‘i bilan Rossiyaga qochgan. Qirg‘izistonning birinchi Prezidenti hali ham Rossiyada qolmoqda. Mamlakatdagi ikkinchi inqilob esa 2010 yilda Prezident Kurmanbek Bakiyevga qarshi yuz bergan. Tarixda “Aprel inqilobi” nomi bilan qolgan ushbu inqiroz ortidan Bakiyev iste’fo bergan. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

503

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing