Mahalliy hokimiyat organlari faoliyatini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda fuqarolarning mahalliy boshqaruvda keng ishtirok etishiga oid demokratlashtirish jarayonlari mustahkamlanadi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining joriy yilning 23 iyun kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030 yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonida so‘z boradi.

Farmonda jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining rolini oshirish, fuqarolarning mahalliy boshqaruvda keng ishtirok etishiga oid demokratlashtirish jarayonlarini mustahkamlash, hududiy boshqaruvni “aholi manfaatlariga xizmat qilish” tamoyili asosida nomarkazlashtirish, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari xalqaro hamkorligining huquqiy asoslarini mustahkamlash kabi maqsadlar ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, farmon bilan O‘zbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030 yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasi hamda ushbu konsepsiyani amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Bundan tashqari, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining tashabbuskorligini yana-da oshirish maqsadida bir qator vakolatlarni mahalliy Kengashlarga o‘tkazish bo‘yicha takliflar ma’qullandi.

Ushbu hujjat bilan byudjet loyihasini ishlab chiqishda mahalliy byudjet xarajatlarining muayyan qismini mahalliy Kengash deputatlarining bevosita tashabbusi asosida shakllantirish amaliyotini yo‘lga qo‘yish, mahalliy Kengashlar qoshida Yoshlar hamda Maslahat guruhlari faoliyatini samarali tashkil etish, mahalliy Kengash Rayosati, Kengash raisi o‘rinbosari institutlarini joriy etish belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030 yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasi doirasida hokim o‘rinbosarligiga nomzodlarni mahalliy Kengash doimiy komissiyalarida dastlabki tarzda muhokama qilish, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining ayrim muhim ijtimoiy masalalar yuzasidan axborotlarini eshitish bo‘yicha “Kengash soati” institutini joriy etish, fuqarolarning mahalliy Kengash sessiyasi ishini bevosita kuzatishi bo‘yicha tizimni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.

Konsepsiya doirasida mahalliy Kengashlarning nazorat faoliyati samaradorligini oshirishga, hudud manfaatlariga oid hamda aholi tomonidan ko‘tarilayotgan muhim va dolzarb masalalarni hal etish bo‘yicha imkoniyatlarni kengaytirishga, qarorlar qabul qilishda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga oid qator choralar belgilanmoqda.

Bundan tashqari, “qulaylik” – “soddalik” – “xavfsizlik” tamoyili asosida mahalliy Kengashlar faoliyatini raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini bosqichma-bosqich tatbiq etish kabi choralarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan Konsepsiyani amalga oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi muvofiqlashtiriladi, shu bilan birga belgilangan maqsadlarga erishishda mahalliy vakillik organlariga har tomonlama ko‘maklashib boriladi.


Maqola muallifi

Teglar

mahalliy boshqaruv Mahalliy hokimiyat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing