Mahallalarda yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etiladi

Jamiyat 9461
image

Har bir mahallada viloyat hokimining yordamchisi – yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etiladi. Bu haqda bugun, 9 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Mazkur yig‘ilishda asosiy masaladan tashqari yoshlar siyosati va “Yashil makon” loyihasini amalga oshirish bilan bog‘liq chora-tadbirlar ham ko‘rib chiqilgan.

“Joriy yilda yoshlar bilan o‘tkazilgan forumlar, saylovoldi uchrashuvlarida yoshlar siyosati bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar va juda katta marralarni belgiladik. Yoshlar bo‘yicha mahallagacha tushadigan vertikal tizim yaratamiz”, dedi Prezident.

Davlat rahbari yosh avlod bilan manzilli ishlash uchun har bir mahallada viloyat hokimining yordamchisi – yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilishini ta’kidladi. Ularning asosiy vazifalari yigit-qizlar muammolarini hal etish, kasb o‘rganishi va bandligiga ko‘maklashish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bilan shug‘ullanishdan iboratligi belgilandi.

“Yoshlar siyosati eng muhim masalalardan biri ekanligini inobatga olib, ushbu yoshlar Prezident vakili bo‘ladi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Azizbek Nahanov

.
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 535
Reyting: 3
t
×