Mahalla raisini saylash muddati uzaytirilmoqda
Jamiyat
−
10 fevral 2021
10920Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi e’lon qilindi.
Qonun loyihasi fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovini o‘tkazish jarayonining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, fuqarolarning saylov huquqlarini amalga oshirishiga qulay sharoit yaratish, shuningdek, fuqarolar yig‘ini raisini saylash muddatini uzaytirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Ma’lum qilinishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovini tashkil etish va o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga, saylov jarayonlarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlashga, fuqarolarning o‘z konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga qulay sharoit yaratishga hamda bevosita saylov huquqlarining kafolatlari ta’minlanishiga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 22 ta moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi.
Loyihada fuqarolar yig‘ini raisining (oqsoqolining) tegishli hududda doimiy yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha yashovchi fuqarolar tomonidan besh yil muddatga bevosita saylanishi, saylov fuqarolar vakillarining yig‘ilishi tarzida o‘tkazilganida, fuqarolar vakillarining soni saylovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar umumiy sonining kamida yigirma foizini tashkil etishi lozimligi belgilanmoqda. Shuningdek, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga taqdim etilgan nomzodlarning hujjatlarini ko‘rib chiqish va o‘zining ushbu nomzodlar bo‘yicha asoslantirilgan xulosalarini berish tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘ining vakolatiga o‘tkazilmoqda, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va uning hududiy bo‘linmalarining saylovdagi o‘rni hamda takroriy ovoz berishni o‘tkazish va bo‘shab qolgan o‘rinlarga fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi o‘tkazishning aniq tartibi va muddatlari belgilanmoqda.
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruhning miqdor tarkibi hamda vakolatlari aniqlashtirilmoqda, xususan, ovoz berish binolarini jihozlash va ularda zarur tartibni saqlab turish mas’uliyati ishchi guruh zimmasiga yuklatilmoqda.
Shuningdek, saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etuvchi kuzatuvchilarning tarkibi, huquq va majburiyatlari belgilanmoqda hamda fuqarolar yig‘ini raisini kun davomida saylash tartibi joriy etilmoqda.
LiveBarchasi