Mahalla xodimlariga qaysi yo‘nalishda o‘qishga kirishda imtiyoz beriladi?

Jamiyat

image

Avvalroq mahalla xodimlariga ham o‘qishga kirishda imtiyoz berilish xaqida xabar bergan edik. 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab mahalla xodimlari uchun sirtqi ta’lim bo‘yicha kadrlar tayyorlash tizimi joriy etilishi yuzasidan qabul qilingan Hukumat qarori doirasida turli fikr-munozaralar kuzatilmoqda. Adliya vazirligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda mahalla xodimlariga o‘qishga kirishda faqat “Ijtimoiy ish” yo‘nalishiga imtiyoz beriladi.

Vazirlik yuzaga chiqqan fikr-mulohazalar sababli bir qancha tushuntirish berib o‘tgan. Xususan:

Birinchidan, berilayotgan mazkur imtiyoz barcha OTMlarga o‘tmaydi, qolaversa barcha yo‘nalishlarga nisbatan ham tatbiq etilmaydi. 

Ya’ni, mahalla xodimlari uchun pedagogika va moliya-iqtisod sohalaridagi OTMlarda faqat “5520100 – Ijtimoiy ish (faoliyatning turli sohalari bo‘yicha)” bakalavriat ta’lim yo‘nalishida sirtqi o‘qish imkoniyati berilmoqda. 

Ikkinchidan, ushbu yo‘nalishga imtiyozli ravishda qabul qilingan mahalla xodimlarining o‘qishini boshqa yo‘nalishga ko‘chirishiga ruxsat berilmaydi. 

Uchinchidan, bu – mahalla xodimlari (hatto tavsiyanoma olganlari ham) o‘qishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilinadi degani emas.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan berilgan tavsiyanomaga ega bo‘lib turib ham, kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tilmasa, mahalla organlari xodimlari talabalikka tavsiya etilmaydi. 

To‘rtinchidan, bu bo‘yicha murojaat qilgan har bir mahalla xodimi tavsiyanomali bo‘lib qolmaydi. Ya’ni, tavsiyanoma olishning belgilangan mezonlari bor. Buning uchun mahalla xodimi:

egallab turgan lavozimida so‘nggi 1 yil davomida faoliyat yuritayotgan bo‘lishi;

mahalla tizimida kamida 3 yillik ish stajiga ega bo‘lishi;

faoliyat yuritayotgan mahalla organi reyting ko‘rsatkichi bo‘yicha “namunali” deb topilgan bo‘lishi kerak.

Qolaversa, mahalla xodimi ijobiy tavsiflanganmi, ish faoliyati ijobiy baholanganmi, unga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilmaganmi – shular ham taviyanoma berishda inobatga olinadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

151

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing