Myanmaning sobiq Bosh vaziri yana 3 yilga “kesildi”
Olam
−
02 Sentabr 2022
3446Myanmada xunta nazoratidagi sud hokimiyatdan chetlatilgan de-fakto bosh vazir Aun San Su Chjini 2020 yilgi saylovlarda ovozlarni soxtalashtirishda ayblab, qo‘shimcha uch yillik qamoq va majburiy mehnatga hukm qildi, deb xabar bermoqda bugun, 2 sentyabr kuni mahalliy OAV. Ag‘darilgan fuqarolik hukumatining ikki yuqori martabali a’zosiga nisbatan ham xuddi shunday hukm chiqarilgan.
Demokratiya uchun Milliy Liga (DML) yetakchisi va 1991 yilgi Tinchlik uchun “Nobel” mukofoti sovrindori 77 yoshli Su Chji ustidan sud jarayonlari yopiq eshiklar ortida o‘tmoqda. U avval korrupsiya, isyon tayyorlash va pandemiya cheklovlarini buzish kabi boshqa ayblar bo‘yicha 17 yilga qamalgan edi. Siyosatchining o‘zi barcha ayblovlarni rad etib, ularni bema’nilik deb ataydi. Agar Su Chji barcha holatlarda aybdor deb topilsa, u umrbod qamoq jazosiga hukm qilinadi.
Avvalroq Aung San Su Chji to‘rtta korrupsiya ishi bo‘yicha olti yillik qamoq jazosiga hukm qilingandi.
Eslatib o‘tamiz, 2017 yilda Aun San Su Chji Myanmada yashovchi 1,4 milliondan ortiq Rohinga musulmonlarini mamlakatdan chiqarib yuborishga urinish va hatto ularning genotsidida ham ayblangan edi.
Unga nisbatan bunday ayblovlar bir nechta nufuzli xalqaro huquq tashkilotlari tomonidan olib borilgan surishtiruvlar natijasida qo‘yilgan. Ommaviy qotilliklar ortidan, Aun San Su Chji o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni BMT minbarida nutq so‘zlab, oqlashga uringan.
Ma’lumot uchun, “Siyosiy mahbuslarga yordam uyushmasi”ga ko‘ra, o‘tgan yil fevral oyida boshlangan davlat to‘ntarishi davrida, mamlakat bo‘ylab 10 600 kishi hibsga olinib, namoyishga chiqqanlar orasida 1 303 kishi o‘ldirilgan.
Myanmadagi harbiy to‘ntarish
Myanmada 2021 yil fevral oyida harbiy to‘ntarish sodir bo‘ldi. Generallar isyonni Su Chji partiyasining katta farq bilan g‘alaba qozongan 2020 yilgi saylovlardagi qoidabuzarliklar bilan izohladi. Harbiylar bu qonunbuzarliklar haqida dalillar keltirmagan.
Huquq himoyachilarining aytishicha, Su Chji soxta sudning qurboni bo‘lgan. Mutaxassislarning fikricha, harbiy xunta o‘tmishda allaqachon ko‘p yillarni uy qamog‘ida o‘tkazgan siyosatchining ovozini abadiy o‘chirish niyatida. 2022 yil iyun oyida Su Chji uy qamog‘idan poytaxt Neypidodagi bir kishilik kameraga o‘tkazildi.
LiveBarchasi