Myanmada fevral boshidan buyon 300 dan ortiq odam o‘ldirildi

Olam

image

Myanmada harbiylar hokimiyatni qo‘lga olganidan beri namoyishchilar va xavfsizlik kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvda 320 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Siyosiy mahbuslarga yordam uyushmasi” bayonotida so‘z boradi.

Ma’lum qilinishicha, huquq himoyachilari faqat hujjatlashtirilgan o‘lim holatlarini hisobga kiritgan. Qurbonlarning haqiqiy soni esa bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin.

Avvalroq, Yevropa Ittifoqi va AQSH Myanma Mudofaa vazirligi va Ichki ishlar vazirligiga qarshi sanksiyalarni joriy qilgan edi.

O‘z o‘rnida, Rossiya Mudofaa vazirining o‘rinbosari Aleksandr Fomin bugun, 27 mart kuni Myanma poytaxtida bo‘lib o‘tgan mamlakat Qurolli Kuchlari kuniga bag‘ishlangan harbiy paradda qatnashgan.

Myanmada hokimiyatni qo‘lga kiritgan harbiylar rahbari, mamlakat Qurolli kuchlari qo‘mondoni general Min Aun Xlayn Fominning paradda bo‘lishini mamnuniyat bilan kutib olib, Rossiya sodiq do‘st, deya ta’kidlagan.

“Financial Times” nashrining yozishicha, 26 mart kuni Fomin general Min Aun Xlayn bilan muzokaralar o‘tkazgan va bir-biriga sovg‘alar bergan. Fomin Myanmani Rossiyaning Osiyodagi ishonchli ittifoqchisi va strategik sherigi, deb atagan.

27 mart kuni Myanma poytaxtida bo‘lib o‘tgan paradda yana yetti mamlakat – Xitoy, Hindiston, Pokiston, Bangladesh, Vetnam, Laos va Tailand vakillari qatnashgan.

Boshqa mamlakatlar esa harbiy kuchlarning hokimiyatga davlat to‘ntarishi orqali kelishini qoralab, paradda qatnashishdan bosh tortgan.

Eslatib o‘tamiz, Myanmada fevral oyining boshlarida harbiy to‘ntarish yuz berdi. Shundan so‘ng mamlakat Qurolli kuchlari Bosh qo‘mondoni Min Aun Xlayn qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlarini o‘z qo‘liga jamladi. Vitse-prezident Mint Shve Prezident vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Harbiylar bir yilga favqulodda holat e’lon qildi va Myanma davlat maslahatchisi Aun San Su Chji, Prezident Vin Mina va boshqa yuqori lavozim amaldorlarni saylovlarni soxtalashtirishda ayblab hibsga oldi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

72

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing