Luvr muzeyidan Napoleon davriga oid buyumlar o‘g‘irlandi
Olam
−
19 Oktabr 2025 3325 1 daqiqa
Bugun, 19 oktyabr kuni Fransiyaning mashhur Luvr muzeyida yirik o‘g‘irlik sodir bo‘ldi. Jinoyatchilar muzeydan Napoleon Bonapart davriga oid zargarlik buyumlarini olib chiqib ketdi. Bu haqda “Bild” xabar berdi.
Fransiya Madaniyat vaziri Rashida Dati ijtimoiy tarmoqlarda hodisani tasdiqlab, jabrlanganlar yo‘qligini ma’lum qilgan. Hozirda muzey vaqtincha yopilgan, voqea joyida tergov ishlari olib borilmoqda.
“Bild” nashrining xabar berishicha, uch nafar noma’lum shaxs muzeyga kirib, to‘qqizta qadimiy buyumni – jumladan, brosh, tiara va bezakli g‘ilofni o‘g‘irlab chiqqan. Ular Sen daryosi tomondagi qurilish maydonidan foydalanib, oynani sindirib ichkariga kirgan.
Mahalliy manbalarga ko‘ra, o‘g‘irlangan buyumlar orasida imperator Napoleonning rafiqasi Jozefinaga tegishli deb taxmin qilinayotgan zargarlik buyumlari ham bor.
Mamlakat Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, voqea bo‘yicha Interpol darajasida qidiruv ishlari boshlangan. Muzey xavfsizlik tizimi esa to‘liq qayta ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.
Ekspertlar bu hodisani “so‘nggi yillarda Yevropadagi eng katta san’at o‘g‘irligi” deb atamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq fransiyalik imperator Napoleon Bonapartga tegishli bo‘lgan va u tomonidan hokimiyat tepasidagi davrning boshidan to oxirigacha saqlab kelingan qilich auksionda sotilgandi.
Live
Barchasi